1920 – 1930-yillarda kutubxona ishida bibliografiya muhim ahamiyat kasb etdi.
Aynan shu yillarda xodimlar yirik bibliografik asarlarni yaratishdi. 1930-yillar oxirida davlat ommaviy kutubxonasi respublikaning o‘sha paytda soni 2,5 mingtaga yetgan boshqa kutubxonalari uchun chinakam metodik markazga aylandi. Uning qoshida doimiy ravishda ma’ruzalar, sharhlar, konsultatsiyalar o‘tkaziladigan kutubxonashunoslik va bibliografiya kabineti ochildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida kutubxona zallarida akademiklar –V. V. Struve va V. P. Filatov, SSSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zolari – V. M. Jirmunskiy, A. Yu. Yakubovskiy, N. K. Piksanov, yozuvchilar – A. N. Tolstoy, N. Ye. Virta, Vs. V. Ivanov, M. A. Syavlovskiy, V. G. Yan, K. I. Chukovskiy, san’at jonkuyarlari – xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi M. F. Gnesin, professor V. M. Belyayev, kompozitor N. V. Bogoslovskiy, SSSR xalq artisti I. V. Yershov va Toshkentga evakuatsiya qilingan boshqa ko‘plab insonlar faoliyat olib bordilar.
Urushdan keyingi yillarda kitob fondlarini to‘ldirish kutubxonaning bosh vazifasi bo‘ldi. Bolgariya, Vengriya, GDR, Polsha, Ruminiya, Chexoslovakiyadan ham kitoblar kirib kela boshladi. Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, GFR, Yaponiya va boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatildi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasining qo'lyozma va kitob merosi” kitob-albomida (XLI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.