Ushbu Qurʼon 1318-yilda Oltin O‘rda xoni — O‘zbekxonga atab, oltin varaqqa ko‘chirilgan va bu Mo‘g‘ullar davridan keyin saqlab qolingan asosiy Qurʼon musʼhafi hisoblanadi. Turkiyalik professor Emek Ushenmezning taʼkidlashicha, qo‘lyozma usmoniylar hukmdori Fotih Sulton Mehmet tomonidan 1475-yilgi Qrim yurishidan o‘lja sifatida Istanbulga olib kelingan.
«Bu mo‘g‘ullar davrida yozilgan va o‘zbek nomi keltirilgan birinchi to‘liq ko‘chirilgan Qurʼondir. O‘zbekxon Qurʼonining barcha jildlari oltin bilan ishlov berilgan bo‘lib, Oltin O‘rdada zarhal qog‘ozga muhaqqaq uslubida ko‘chirilgan va uning deyarli barcha sahifalari bizgacha to‘liq yetib kelgan. Bu davr xattotlari yuqori malakali hunarmandlar bo‘lib, ularning ishlari ko‘pincha nafislik va aniqlik bilan ajralib turgan. O‘zbekxon Qurʼonida murakkab bezak elementlari, geometrik va gul naqshlar aks ettirilgan. Bular qo‘lyozmaning vizual jozibasini oshiradi va o‘sha davrda keng tarqalgan badiiy uslublarni namoyon etadi. Aynan murakkab texnologiya va o‘z davrining ilg‘or usullari bugungi kunda ushbu musʼhafning o‘ta noyobligini taʼminlaydi» - dedi professor Emek Ushenmez
Maʼlum qilinishicha, ushbu qo‘lyozma Islom madaniyati va taʼlimida alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, u diniy matnlarni saqlash va musulmon davralar o‘rtasida savodxonlikni oshirishda xizmat qilgan. Hozirda O‘zbekistondagi Islom svilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda ushbu noyob qo‘lyozmani restavratsiya qilish va faksimile nusxalarini O‘zbekistonga qaytarish ishlari olib borilmoqda.