Bugun Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) binosida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, WOSCU va IRCICA hamkorligida tashkil etilgan tadbir start oldi.
Ushbu tadbirlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda islom merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Tadbir doirasida "Yangi O‘zbekiston: Vaqt, makon va madaniy meros" mavzusidagi fotoko‘rgazma ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu ko‘rgazma O‘zbekistonning boy tarixi va betakror madaniyatini vaqt va makon nuqtai nazaridan namoyon qiladi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov, IRCICA direktori va WOSCUning Ilmiy kengash aʼzosi Mahmud Erol Kilich, Tekirdag universiteti professori va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy maslahatchisi Halit Eren, Islom tadqiqotlari markazi (ISAM) direktori Murtaza Bedir, "Turk va islom sanʼati" muzeyi direktori Ekrem Aytar, Topqopi saroyi muzeyi direktori Ilhon Kojaman va Milliy saroylar boshqarmasi rais o‘rinbosari Abduhamid Tyufekchio‘g‘lu ishtirok etdi.
"O‘zbekiston-Turkiya: tutash ildizlar va umumiy meros" media-tadbiri ishtirokchilarni ikki davlat o‘rtasidagi madaniy va tarixiy aloqalarni yorituvchi noyob loyihalar bilan tanishtirdi. Ular orasida WOSCUning "114 Qurʼon", "Turkiyada saqlanuvchi noyob Qurʼon qo‘lyozmalari" hamda "Topqopi saroyi muzeyidagi Temuriylar davriga oid noyob ashyolar ekspozitsiyasi" loyihalari mavjud.