Qo‘lyozmalar fondidagi eng qadimgi qo‘lyozma IX asrda kufiy xati bilan yozilgan Qur’oni Karim nusxasidir. Eng yangi asarlar esa, XX asrning birinchi choragidagi ko‘chirilgan.
Qur’onning nodir nusxalaridan biri juda yirik, nafis suls xatida kitobat qilingan (inv. № 3962). Uning xati, qog‘ozi va boshqa alomatlaridan kelib chiqib, XII asrda, sulton Malik an-Nosir Salohiddin (vaf. 1193 y.) kutubxonasi uchun maxsus buyurtma bo‘yicha ko‘chirilganini ta’kidlash mumkin.
Qur’oni Karimning xazinada saqlanayotgan yana bir nusxasi diqqatga sazovor. Uning matni boshidan oxirigacha tilla suvi tortilgan qator ustiga nihoyatda go‘zal nasx xatida ko‘chirilgan. Uning tagiga qizil siyohda forscha tarjimasi yozilgan. Har bir sahifaning hoshiyasida Tafsiri Jalolayn matni keltirilgan. Boshida juda go‘zal lavh bor. Qog‘ozga ipak aralashtirilib tayyorlangan. Muqovasi – lak bo‘yoqli, nafis gullar bilan bezatilgan (inv. № 1226).
Xazinada saqlanayotgan nodir asarlardan yana biri mashhur olim Ibn Sallomning (vaf. 837 y.) «Gʻarib al-hadis» (Hadislarda kam uchraydigan iboralar) asaridir (inv. № 3101). Bu asar kufiy, yarim nasx xati bilan 955 yilda ko‘chirilgan. Bu asarni o‘rganib, kufiy xatidan nasx xatiga o‘tish X asrning o‘rtalarida sodir bo‘lgan, degan xulosaga kelingan.
Xullas, xattotlar o‘rta asr kitob majmuasining shakllanishida, ma’rifat taraqqiyotida, mintaqada yuz yillar davomida olimlar, shoir va yozuvchilar tomonidan yaratilgan arab yozuvli kitoblarni qayta ko‘chirish va tarqatishda hal qiluvchi rol o‘ynaganlar. Umumbashariy madaniyat durdonalari bo‘lmish minglab qo‘lyozma kitoblar ayni shu xattotlarning xolis, mashaqqatli mehnati tufayli bizgacha yetib keldi va umuminsoniy ma’naviyat mulkiga aylandi.
O‘rta Osiyo kitobat madaniyati tarixidagi Mir Ali Tabriziy, Mir Imod, Yoqut, Sultonali Mashhadiy, Darvesh Muhammad Toqiy, Muhammad ibn Nur, Mirzo Sharif Dabir singari xattotlar ko‘chirgan kitoblar muayyan ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lish bilan birga, xattotlik san’atining yuksak namunalari qatoridan ham o‘rin olgan.
Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”) (XXV jild)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.