Kalta junli gilamlar

Kalta junli (qirqilgan) yaxlit matoli gilamlar garchi kam sonli bo‘lsa-da, o‘zbek gilamchiligining salmoqli qismini tashkil etadi.

Ular bog‘ichlarning yuqori zichligi, junlarning benuqson qirqilgani, ranglar majmui uyg‘unligi va teranligi, nafosatli naqshlari bilan ajralib turadi. Juni tekis qirqilgan gilamlarning saqlanib qolgan eng dastlabki nusxalari qo‘lda to‘qilgan bo‘lib, julxirslar singari ular ham ensiz g‘altakli dastgohlarda tayyor bo‘laklarni ulash yo‘li bilan to‘qilgan. Yaxlit matoli qirqilgan gilam o‘zbek urug‘lari turmushiga keyin kirib kelgan hodisadir. 

Samarqand va Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, Farg‘ona vodiysi va Nurota tog‘li hududi gilamning bu turi ko‘p tayyorlangan hududlar sirasiga kiradi. Samarqand gilamlari – o‘zbek to‘qimachiligining o‘ziga xos uslubini yorqin aks ettiradigan to‘qima mahsulotlar bir guruhidir. Ular o‘tmishda barcha ko‘chmanchilarning sanʼatlarida qadimiy astral va totem belgilarini saqlab qolishadi. Samarqand gilamlaridagi turli ko‘rinishlarga ega bo‘lgan eng ommaviy medalyon – markazida romb va chetlari burama shoxli teng tomonli xoch bo‘lib, u shuningdek, silliq matoli to‘qimachilik (kaykalak yoki qo‘chqorak)da keng ishlatiladi. 

Boshqa mumtoz ko‘rinish – sakkiz qirrali pog‘onali romb yoki xochsimon ko‘rinishga ega 12 ta burama shoxli medalyon bo‘lib, to‘shama gilamlarda, shuningdek julxirs hamda gilam mahsulotlarida uchraydi. Tog‘li Nurota o‘zbek-turkmanlarining xoli gilamlari o‘zining yirik medalyonlari bilan ajralib, qalqon nusxa sifatida maʼlum. Bu medalyonlar ikki-uch qator bo‘lib, o‘rta maydonda joylashgan. Medalyonning asosi – to‘rtta teng qismga bo‘lingan, ustma-ust xochli sakkiz burchak. Qalqon medalyonining har bir qismida – ikkiga ayrilgan shoxga o‘xshash dumli va boshli, to‘rt oyoqli jonivor tasviri tushirilgan. Bu shaklni qush bilan birga tuyoqli jonzotga ham o‘xshatish mumkin. 

V. G. Moshkovaning taʼkidlashicha, baʼzan uni «ot» deb atashgan. «Medalyonni qismlarga ajratuvchi xoch chiziqlarida, shuningdek qushni eslatuvchi ikki shakl joylashgan. Ularning biri – uzun bo‘yinli va qattiq suyri yelkali qush boshi, ikkinchisi esa qisqaroq va yo‘g‘on xuddi shunday boshni tutib turibdi. Tasvirning pastki qismi yo keng ochilgan oyoqlarni, yoxud keng asos va tanani eslatadi. Bu shakl baʼzan qo‘sh shoxlar bilan almashtirilgan. ...Bu elementlarning nomi – qush yoki qo‘chqorak (shox) bo‘lgan. Ayrim ustalar bu mavzularni qaytadan jonlantirib, tashqi o‘xshash jihatlaridan kelib chiqib, ularni cho‘mich va samovar, deb atashgan». 

Yana bir mashhur medalyon, bu – Nurota gilamidagi muyiz nusxasidir (shoxlar shakli). Uning zamirida dasht sanʼat namunalariga mansub mumtoz uslub, yaʼni maʼlum bir shakliy o‘zgarishlarga ega shox shaklidagi kaykalak (qo‘chqorak) – teng tomonli xoch tasviri yotadi. Kvadrat yoki to‘g‘ri burchak qilib chizilgan burama shox shaklidagi xoch to‘qilgan bo‘lib, rang yordamida xoch nurlari orasida fonga urg‘u beradi, bu esa suratga butunlay yangi ohang inʼom etadi: fon hoshiyaga, hoshiya esa fonga singadi. 

Qirqilgan gilamlarni qo‘ng‘irotlar ham tayyorlashgan. XX asr o‘rtasiga kelib bu anʼana inqirozga yuz tutib, hozirda qo‘ng‘irot junli gilamlarining faqat ayrim namunalari muzeylar kolleksiyasini to‘ldirib turibdi. O‘zbek junli gilamlaridagi kompozitsiyalar va naqshinkor mavzularning xilma-xilligida biz uslubda maʼlum bir umumiylikni – geometrik shakllardagi suratlar, hoshiya va fonning bir biriga zidligi, kontur chiziqlaridan faol foydalanish, suratning ifodalilikka urg‘u berishi, bo‘yoqlar uyg‘unligi borligini taʼkidlashimiz mumkin. Bezaklarda silliq matoli mahsulotlarga xos naqshlar, umuman dasht-cho‘l dunyosi madaniyatiga oid belgilar: kosmogoniya, totem ishoralar, urug‘ tamg‘alari asosiy o‘rin tutgan.

Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlarga tengdosh an’ana” kitob-albomida (XIV jild) tanishishingiz mumkin. Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.