Kashtachilik sanʼati o‘zbek xonliklarining o‘troq hamda yarim ko‘chmanchi aholisi orasida juda keng tarqalgan.
Voha aholisi uyning ichki bezaklari uchun katta o‘lchamdagi kashtalar to‘qigan bo‘lsa, dashtda yashovchilar bu sanʼatdan kiyim va uning qismlarini, shuningdek turli xaltalarni bezatishda qo‘llashgan. Kashtalar qizlar sepining asosiy qismini tashkil etib, ularning to‘y marosimlarida muhim ahamiyat kasb etgan: ularning har bir turi o‘ziga xos diniy mazmunga ega bo‘lgan. Bitta katta o‘lchamli kashtani bitirishga ikki yilgacha vaqt ketishi mumkin bo‘lgan. Agar kashta to‘liq qoplamali, yaʼni butun mato yuzini yoki kiyimni to‘la-to‘kis kashta bilan bezash lozim bo‘lsa, unga yana-da ko‘proq vaqt sarflangan.
Amaliy sanʼatning ushbu ko‘rinishdagi eng keng tarqalgan turi sifatida so‘zanalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Ular vohalarning qishloq va shaharlarida, o‘troq aholi yashash joylari (Buxoro amirligi, Qo‘qon xonligi)da tikilgan bo‘lib, anʼanaviy xonadonlarning ichki bezagi sifatida devorlarni bezash, pardalar va choyshablar sifatida qo‘llanilgan hamda amaliy, estetik va hatto ilohiy ahamiyat kasb etgan. To‘y marosimlari kunlari esa, so‘zanalardan kelin-kuyovlarning xonalarini bezash uchun foydalanilgan.
Kashtalar qo‘lda tayyorlangan matolardan qirqilgan alohida ingichka bo‘laklar yordamida oldindan chizilgan chiziqlar asosida tikilgan. Unga naqshlar chizib berish uchun tajribali qalamkashlar (chizmakashlar) chaqirilgan. Ular naqsh solish uchun shakarqamish poyasidan tayyorlangan, uchi chiqarilgan qalam, siyoh yoki suvga qorakuya aralashtirilgan moddadan foydalanishgan. Shakarqamish poyasidan tashqari uchi o‘tkirlangan oddiy yog‘och tayoqchalar ham qo‘llanilgan. Keyinchalik esa oddiy avtoruchkalar urf bo‘lgan.
Aylana shaklini chiqarishda turli kattalikdagi sopol kosalardan foydalanilgan – u teskari qo‘yilib, atrofi chizib olingan. Chizmakashlar juda ko‘p anʼanaviy naqshlar va ularning turli ko‘rinishlarini bilganliklari sababli, ulardan foydalanib yangicha naqshlar yaratganlar. Odatda ular bo‘lg‘usi mahsulotga kerakli ranglar jamlanmasini belgilab berish barobarida, naqshlarning tegishli joylarini mos rangdagi iplar bilan belgilab chiqqanlar.
Xomaki namuna chizib bo‘lingach, bo‘lajak kashtaning rang-barang iplar tikilgan asoslarini dastlabki romlarga qo‘yib so‘kilib, uni tayyorlash uchun tikuvchi ayollarga tarqatilgan. Bunday ish usuli bir nechta tikuvchining ishlashi bilan birga ishni iloji boricha qisqa muddatda yakunlanishiga imkon bergan. Asosning alohida tikilgan kashtalari ish so‘ngida birlashtirib qo‘yilgan.
Naprstek nomidagi muzeyda kashtalar to‘plamini bir nechta so‘zana tashkil qiladi. Ularning orasida muzeyga 1899 yil kelib tushgan Nurota so‘zanasi va Toshkentdan olib kelingan joynamoz alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, 1900 yillarda yaratilgan palaklar Toshkent kashtachilik maktabi mahsuli bo‘lsa, XIX asrning ikkinchi yarmida tikilgan, Buxoro to‘y marosimlarida ishlatilgan kashta – ro‘yjo ham ushbu to‘plamdan o‘rin olgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.