"Katta Langar Qur'oni" Moskvadagi Islom muzeyidan munosib joy oldi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov Rossiya Federatsiyasining poytaxti Moskva shahrida o‘tkazilgan “Tinchlik yo‘li: o‘zaro muloqot uyg‘unlikda yashashning asosi sifatida” XX Xalqaro musulmonlar forumida ishtirok etdi.

"Katta Langar Qur'oni" Moskvadagi Islom muzeyidan munosib joy oldi



Bu yilgi forum “Rossiyadagi musulmon oilalari” yili munosabati bilan, shuningdek, Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi, Moskvadagi tarixiy masjid binosining 200 yilligi, mashhur islomshunos olim Rizouddin Faxruddin tavalludining 165 yilligi, Moskva jomeʼ masjidining 120 yilligi, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi va Moskva islom institutining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazildi.

Forum Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi VIII Qurultoy syezdi doirasida Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi, Moskva Islom instituti tomonidan Islom madaniyati, fan va taʼlimni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi. Forumda xalqaro diniy tashkilotlarning rahbarlari, vakillari, ulamolar va islom olamining yetakchi mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari mutaxassislari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

2005 yildan buyon har yili o‘tkazilayotgan mazkur forum musulmon olimlarini, diniy-maʼrifiy sohalar yetakchilarini birlashtirish yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xalqaro musulmonlar forumida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruvi raisi F. Abduxoliqov maʼruza qildi. Maʼruzada XX Xalqaro musulmonlar forumi g‘oyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2017 yili BMTning yuksak minbaridan turib, islom dinining insonparvarlik, bunyodkorlik va tinchlikparvarlik g‘oyalari haqida bildirgan fikrlari bilan hamohangligi taʼkidlandi. Shuningdek, ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani alohida qayd qilindi.

F. Abduxoliqov bir necha yillik qizg‘in davom etgan qurilish ishlaridan so‘ng, Markaz eng yirik ilmiy megaplatformaga aylanish bosqichiga yetgani, uning vazifasi musulmon Uyg‘onish davri allomalarining boy merosini, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini o‘rganish, asrab-avaylash va ommalashtirishdan iboratligini aytib o‘tdi. Shuningdek, maʼruzada mamlakatimizda tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari ham ana shu maqsadlarga xizmat qilayotgani, xususan joriy yilning 15 avgust kuni “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingani taʼkidlandi.

Forumda F. Abduxoliqov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining g‘oya va takliflari asosida bildirgan “maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni asrashda islom taʼlimotining insonparvarlik, bunyodkorlik va tinchliksevarlik g‘oyalari, uning ijtimoiy munosabatlarni uyg‘unlashtirishdagi ulkan salohiyatidan keng foydalanish va jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish” takliflari forum ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va XX Xalqaro musulmonlar forumi rezolyutsiyasiga kiritildi.

Xalqaro musulmonlar forumida F. Abduxoliqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan muftiy Hazrat Ravil Gaynutdinga Katta Langar Qurʼonining faksimile nusxasini sovg‘a qildi.

— O‘zbekiston Prezidentini uzoqni ko‘ra biladigan, bizning dinimizning asl mohiyatini chuqur tushunadigan yuqori intellektga ega siyosatchi sifatida bilaman, - dedi Hazrat Gaynutdin. – Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun dunyo musulmonlarining faxri bo‘lib qolishiga ishonaman. Ushbu nodir musʼhaf esa, Moskva markaziy jomeʼ masjidi qoshidagi Islom muzeyidan munosib o‘rin egallaydi. Janob Prezidentga mening duolarim, minnatdorligim va hurmatimni yetkazishingizni so‘rayman.