Keksa qoraqalpoq ayollari qanday libosda yurishgan?

Yoshi ulug‘ ayollarning liboslari ochiq rangli bo‘lib, asosan ip-gazlamadan tayyorlangan.

Aq keylek (oq ko‘ylak), aq kiymeshek (bosh kiyimi), aq jegde (yelkaga tashlanadigan chopon) shular jumlasidan. Ushbu liboslar asosan nafis to‘q qizil rangli yarim kesishgan kashta gullari bilan qoplangan. Yoshi ulug‘ ayollarning aq jegdesi oq ip gazlamadan tayyorlangan. 

Qizlar va ayollarniki esa turli shoyi iplardan tikilgan kashtalar bilan to‘liq qoplanib, ularda qizil rang ustunlik qilgan. Chetlari, etagi va yenglari uchiga qizil shoyi ip bilan hoshiya tutilgan. Qizil movutli yopishtirma yoqa ham bezaklar bilan qoplangan. 

Oq rang – poklik va qadr-qimmat ramzi bo‘lib, shu qatorda farzand ko‘rish imkonini yo‘qotish va o‘limni ham anglatgan.

Boshqa o‘zbek milliy liboslari haqidagi ma’lumotlarni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston muzeylari va xususiy Kolleksiyalari materiallari bo‘yicha an’anaviy o‘zbek liboslari” (XLIX jild, 2-qism) kitob-albomidan olishingiz mumkin.