Tarixiy manbalarda keltirilishicha, 1882 yilda franstuz olimi Abel Pave de Kurteyl «Me’rojnoma» matnining franstuzcha tarjima chop ettirgan. 1889—1890 yillarda esa «Tazkirat ul-avliyo» asarining turkcha nusxasini nashr qildirib, ular «Supplément turc 1902» raqamli qo‘lyozmaning ikkinchi qismini tashkil etgan.
Mazkur tarjima uyg‘ur yozuvini o‘qishga muvaffaq bo‘lgan Jan Per Abel Remyuzaning (1788—1832) sa’y-harakatlari tufayli amalga oshirildi. 1977 yilda miniatyuralarning birinchi faksimilesi nashr qilindi, 2017 yilda esa Toshkentda, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasi doirasida, yangi faksimile nashri chop etildi.
«Me’rojnoma» varaqlari tartibsiz tikilgan. Qo‘lyozmaning hozirgi holatida 60 ta miniatyura mavjud bo‘lib, ularning barchasi me’roj mazmunini aks ettiradi.
«Me’rojnoma»ni ko‘chirish joyi va sanasi hozirga qadar noaniq va mutaxassislar o‘rtasida munozara uchun mavzu bo‘lib kelmoqda. Qo‘lyozmada uni qabul qilib olgan shaxs yoki birinchi egasi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Faqat matn va miniatyuralar uslubi biror taxminga ishora qilishi mumkin.
Hozirgi kunda qo‘lyozma 1436 yoki 1437 yil Hirotda ko‘chirilgan va bezatilgan, deb hisoblanadi.
Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «MOVAROUNNAHR BЕZAKLI QO‘LYOZMALARI FRANSIYA TO‘PLAMLARIDA» kitob-albomida (XXIX jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.