Raza kutubxonasiga «Kitoblar Toj Mahali» deya tarif berilgan.
Ushbu kutubxona Hindistonning o‘ziga xos Buxorosi bo‘lgan Rampur shahrida joylashgan. U sanskrit, arab, fors, turkiy, pushtun, urdu, hind va boshqa tillarda yozilgan minglab qimmatbaho qo‘lyozmalarni o‘zida saqlab turgan haqiqiy xazinadir.
Bu yerda Qur’on nusxalarining katta to‘plami, miniatyuralar va Islom xattotligi namunalari bilan bezatilgan albomlar, nodir bosma va davriy nashrlar, tangalar, arxeologik osori atiqalar, xususan, Kushon terrakotalari va boshqa san’at asarlari mavjud bo‘lib, ularning barchasi Rampur navoblarining dunyo ahliga qoldirgan qimmatbaho merosidir.
Kutubxona XVIII asr oxirida Rampurning birinchi navobi Fayzullaxon tomonidan Rampur qal’asi qurilishi jarayonida, qirol tomoshaxonasining bir qismi sifatida bunyod etilgan. 1851 yilda navob Muhammad Saidxonning buyrug‘i bilan alohida bo‘lmaga olingan va Kutubxonai Dor ul-Riyosati Rampur (Rampur Markaziy qal’asi kutubxonasi) nomi bilan keyinchalik ham boyitib borilgan.
Mavzuga doir batafsil maʼlumotni “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston adabiy merosi Rampur Razo kutubxonasi toʻplamida” (XXXIII jild) kitob-albomidan bilib olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.