“O‘zida zebu ziynatning barcha turlarini va martabaning barcha alomatlari va sifatlarini jamlagan jomeʼdir” deya taʼriflanadigan Shahrisabzdagi Ko‘kgumbaz jome masjidi bitiklarida “Ko‘ragon” ham uchraydi.
Bu ko‘proq jome masjidi qurilishi bilan bog‘liq bitiklarda keltirilgan. Masalan, masjidning o‘ng manglay devordagi taʼmirlab restavratsiya qilingan bitiklardan birida “...Ko‘ragon Sulton ibn Sulton Ulug‘bek Ko‘ragon ko‘tartirdi. Alloh uning davlatini abadiy qilsin” degan yozuv aniqlangan. Xo‘sh, Ko‘ragon kim?
Ko‘ragon – mo‘g‘ulchada “kuyov” maʼnosini anglatadi. Chingizxon urug‘idan bo‘lgan ayolga uylangan kishilarga beriladigan unvon. Shuningdek, Amir Temur va Temuriylar davrida bu unvon kishi ismiga qo‘shib aytilgan. Qayta tiklangan bitikda keltirilgan “Ko‘ragon Sulton ibn Sulton Ulug‘bek Ko‘ragon” ismi ham buning isboti, deyish mumkin.
Eslatib o‘tamiz: bitiklarning tadqiqotlarida Ko‘kgumbaz Mirzo Ulug‘bek tomonidan otasi – Xuroson hukmdori Shohrux Mirzo nomidan bunyod etilgani aniqlangan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.