Koreya kolleksiyalaridagi O‘zbekistonning noyob obidalariga bag‘ishlangan kitob-albom ustida ish boshlandi

“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining ishchi guruhi ilk bor Koreyadan topilgan Markaziy Osiyoga oid barcha maʼlum ashyolarni tizimlashtirish va sharhlash harakatlarini boshladi.

Ishlar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi aʼzosi, Mixo muzeyining maxsus ilmiy xodimi Sergey Laptev rahbarligida va Koreyadan kelgan olimlar ishtirokida va yordamida olib borilmoqda.

Moddiy madaniyat obyektlarining dastlabki katalogi allaqachon to‘plangan. Markaziy Osiyoga oid durdona asarlar uchun tasvir va izohlar Koreyadagi muzey olimlari tomonidan taqdim etilgan.

Bo‘lajak kitob-albom kolleksiyasida zargarlik taqinchoqlari, qurol-yarog‘lar va turli metall jismlar, shisha idishlar, tosh haykalchalar, Kushonlar va So‘g‘d davriga oid nodir buyumlar o‘rin olgan. Ayni paytda kitob matni ustidagi ishlar nihoyasiga yetkazilmoqda.

 

Ushbu kitob turli mamlakatlar o‘quvchilariga koreyslarning Markaziy Osiyodagi tarixiy aloqalari, o‘zbekistonlik koreyslarga esa  qadimgi davrlarning turli madaniyatlarini bog‘lab turgan vatanlarining Buyuk Ipak yo‘lidagi o‘rni haqida so‘zlab beradi va koreys madaniyati, sanʼati, adabiyoti hamda tarixini o‘rganishga hamda ushbu ajoyib mamlakatning Buyuk Ipak yo‘lidagi muloqotlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, ko‘pmillatli yangi O‘zbekistonning madaniy Uyg‘onish davriga xizmat qiladi.

“Koreya va Markaziy Osiyo Buyuk ipak yo‘lida” kitob-albomi taqdimoti 2021 yil oxirigacha bo‘lib o‘tadi.