Luvr muzeyi o‘z kolleksiyasini O‘zbekiston madaniy merosiga oid qimmatli nashrlar bilan boyitdi

Parijda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan 50 jildlik kitob-albomlar Luvr muzeyiga tantanali sovg‘a qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan yaratilgan nashr dunyo muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan o‘zbek nodir ashyolari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan noyob katalogdir. Kitoblar turkumida nafaqat arxeologik topilmalar, balki nodir qo‘lyozmalar, noyob miniatyuralar, amaliy san’at buyumlari, shuningdek, Luvr va Fransiya Milliy kutubxonasi kabi mashhur muzeylar kolleksiyalaridagi asarlar ham taqdim etilgan. 

Eslatib o‘tamiz, WOSCU tomonidan “Movarounnahr bezakli qo'lyozmalari Fransiya to'plamlarida” kitob-albomi nashr etilgan bo‘lib, unda Movarounnahr hududida yaratilgan, ammo turli sabablarga ko‘ra Fransiya kutubxonalarida saqlanib qolgan noyob qo‘lyozmalar taqdim etilgan. Ular orasida temuriy shahzoda Shohruh Mirzo buyurtmasiga ko‘ra ishlangan, payg‘ambar hayotidan lavhalar nodir miniatyuralarda aksini topgan “Meʼrojnoma” («Meʼroj haqidagi kitob») diniy asari, Ulug‘bekning shaxsiy kutubxonasi uchun bajarilgan, «taxtdagi olim»ning kitob egasi ekanligini taʼkidlovchi kalligrafik yorliq bosilgan «Suvar al-kavakib as-sabita» («Qo‘zg‘almas yulduzlar tasviri») ilmiy asari, sahifalarini taniqli buxorolik qalam ustasi Mahmud Muzahhib miniatyuralari bezagan Nizomiy Ganjaviyning «Mahzan ul-asror» («Sirlar xazinasi») asari va boshqa ko‘plab asarlar bor. 

Luvr muzeyi direktorining diplomatik maslahatchisi Lionard Baltazar sovg‘a uchun chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu kitoblar muzey kolleksiyasiga qimmatli qo‘shimcha bo‘lishini ta’kidladi. Ular fransuz tadqiqotchilari, shuningdek, O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish istagida bo‘lgan keng jamoatchilik uchun muhim ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qilishini aytib o'tdi. Umuman olganda, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkum kitoblarining Luvr muzeyiga topshirilishi O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini asrab-avaylash va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish muhimligini ko‘rsatadigan salmoqli voqeadir.