XVIII – XIX asrlar musiqa tarixidagi Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklaridagi saroy amaliyotida maqomotning yangi shakli – Markaziy Osiyoning mumtoz musiqasi, ya’ni Buxoro Shashmaqomi, Farg‘ona-Toshkent maqom ohanglari, Xorazmning «olti yarim maqomi» (bugungi kunda Xorazm maqomlari deb yuritiladi) yuzaga kelgan.
Bu yirik asarlar cholg‘u va vokal musiqasini o‘z ichiga olgan ko‘p qismli silsilalardan, shuningdek, raqs qismidan iborat bo‘lgan. Musiqaning xilma-xilligi asosida uzoq o‘tmishdan avlodlarga o‘tib kelayotgan va maqomchi san’atkorlar tomonidan sayqallanib kelayotgan tartib va qonunlar yotgan.
Maxsus saroy an’analaridan tashqari ijro uslublari ham qat’iy tartib-qoidalari bilan ajralib turgan. Maqomlar odatda shahar ziyolilari qatlami majlislarida, shoir va musiqachilar davrasida, hunarmandlar muhitida, oilaviy bayramlarda va hatto madrasa talabalarining hujralari va so‘fiylarning xonaqohlarida ham ijro etilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.