O‘rta Osiyoda bozorlar Yevropadan farqli ravishda o‘zida juda o‘zgacha mazmun-mohiyat kasb etardi. Shuning uchun ham Jamiyat hayotining xilma-xil ko‘rinishlarini kuzatish mumkin bo‘lgan bozor sharoitlari fotosuratchilarning eng sevimli joylaridan biriga aylangan bo'lsa kerak.
Bozorlar nafaqat savdo va hunarmandchilik markazlari, balki madaniyat markazlariga ham aylangan bo‘lib, shaharliklar, qishloqliklar, vohaliklar va dashtliklar o‘z vaqtini sermazmun o‘tkazadigan ajib maskan ham edi. O‘rta Osiyo bozori sharoitiga birinchi bor tushib qolgan har qanday odam ana shu jihatlarga e’tibor qaratishi tayin edi. 1867 yilda Turkiston o‘lkasi gubernatori K.P. fon Kaufman mashhur rassom V.V. Vereshchaginni – mahalliy tabiat va mahalliy xalqlar ko‘rinishlari haqida ko‘plab suratlar tayyorlashini so‘rab, Turkistonga taklif qiladi. Vereshchagin Toshkentning bozor kunlaridan birini quyidagicha tasvirlaydi:
"Bozor maydonidagi rastalar atrofida tevarak-atrofdan nafaqat savdo qilish, balki qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlar bilan uchrashish, u yoq-bu yoqdan suhbatlashish uchun ko‘plab otliqlar, piyodalar to‘planib qolgan edi. Ayrimlari 20 chaqirim uzoqdan kechga qolmaslik niyatida shoshib-pishib, harsillab yetib kelishardi. Bundan maqsad – olomonni kuzatish, o‘z tashvishlari bilan band bo‘lib, u rastadan bu rastaga shoshayotgan odamlar orasida kun bo‘yi tentirab yurish, kim nima savdo qilayotgan, tortishib-bahslashayotgan bo‘lsa, uni ko‘rish, sotuvchi va xaridorning holatini kuzatish, savdo qilinayotgan mahsulotga qay tarzda narx belgilayotganlarini bilish maqsadida xaridor va sotuvchidan bu haqda so‘rash, aniqlash, imkon topilsa, ular orasida dallollik qilib yuborish, agar kimdir bir kosa ovqat taklif qilsa, hech ikkilanmay qornini to‘ydirib olish va kechga tomon bir dunyo gap yig‘ib, toza vijdon bilan qishlog‘iga qaytib kelish edi."
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida "O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda turkumidagi“ (37 jild) tanishishingiz mumkin..
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.