XVI asrdan boshlab, O‘rta Osiyoda, O‘zbekiston zaminida mahalliy musiqa uslublari va hududiy musiqa madaniyati shakllana boshlagan.
Bu Vatanimiz hududida xonliklarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ularning har birida, xonliklarning markaziy shaharlarida xuddi shu hududga xos bo‘lgan ijro an’analari va usullari, musiqa janrlari paydo bo‘lgan. Biroq, mavjud tafovutlarga qaramasdan, ushbu davlat tuzilmalarida musiqa madaniyati turli xilda shakllanib borgan.
Musiqiy hayotning asosiy markazlari avvalgidek, Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Andijon, Toshkent, Xiva singari poytaxtlar va yirik shaharlarda taraqqiy etgan. Xalqning turli qatlamlari orasidan yetishib chiqqan musiqa san’ati vakillari to‘planadigan asosiy va muhim nuqta bu hukmdorlarning saroyi bo‘lgan. Biroq, tabiiyki, boshqa bunday markazlar ham yo‘q emasdi.
Ba’zi istisnolarni hisobga olmaganda, barcha hukmdorlar va ularning yaqin mulozimlari ham musiqa va she’riyatga katta qiziqish bilan qarashgan, ko‘pincha o‘zlari ham she’r bitib, musiqa bastalab turishgan. Saroy muhitida o‘ziga xos musiqiy-she’riy to‘garaklar (jamiyatlar) tashkil qilingan, turli she’riyat va musiqa majlislari, tomosha va mushoiralar o‘tkazilgan. Maqom ijrochilari, xonandalar, sozandalar, raqqos va raqqosalar o‘z san’atlarini namoyish qilishgan. Saroyda juda katta miqdordagi san’atkorlar guruhi xizmat qilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.