Kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish O‘zbekiston amaliy sanʼatida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Sopol idishlar nafaqat amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan, balki ulardan bezak sifatida ham foydalanilgan. Kulolchilik mahsulotlari, ayniqsa shahar hududlarida uyning ichki bezagi bo‘lib xizmat qilgan va to‘y sovg‘alarining ajralmas qismini tashkil etgan.
Kulolchilik mahsulotlarini yasashda kulollar mahalliy xomashyo va ashyolardan foydalanganlar. Xususan, olovbardosh gil tuproq – gilvata, tarkibida temir bo‘lgan tuproq (jo‘sha), kvars va kvarsli qumlarni bunga misol qilish mumkin. Gil tuproq o‘z xususiyatiga ko‘ra ikki turga ajratiladi. Yumshoq, ishlov berish oson bo‘lgan tuproqdan cho‘zinchoq idishlar yasashda foydalanishgan. Qattiqroq loydan esa yassi idishlar yasashgan. Bo‘yoqlar tayyorlashda esa turli metallarning oksidlaridan foydalanishgan. Qizil, qizg‘ish va sariq rangli bo‘yoqlarni temir oksididan tayyorlashgan bo‘lsa, qora, pushti va binafsha rang tusdagi bo‘yoqlarni marganes oksididan, yashil va feruza ranglar – mis oksididan, ko‘k rangli bo‘yoqlarni kobalt oksididan olishgan.
Sopol idishlarga bezak berish ham turli usullarda amalga oshirilgan. Ustalar sopol idishlarga mo‘yqalam vositasida naqshlar solishgan, o‘yma va bosma naqshlar tushirishgan. Naqshlarda o‘simliksimon va geometrik mavzularni uchratish mumkin. Ayrim hollarda uy-ro‘zg‘or buyumlari, masalan, pichoq va qumg‘on tasvirlari uchraydi. Eng oddiy geometrik naqshlarga alohida hoshiyalarni ajratuvchi to‘g‘ri va egri chiziqlarni aytib o‘tish mumkin. To‘lqinsimon yoki ilonizi chiziqlardan asosan idish chetlari va og‘izlarida qo‘llanilgan. Turli o‘simliksimon mavzularda tushirilgan naqshlarda gullar va mevalarning har xil shakllari ko‘p uchragan.
Xo‘jalik va oshxona buyumlaridan tashqari kulolchilikda hushtak vazifasini o‘tovchi kichik shakllar ham yasalgan. Odatda hushtakchalarga biror qush yoki hayvon, masalan, ajdarchalar shakllari berilgan. Ular Xudodan yomg‘ir yog‘dirishni so‘rab o‘tkazilgan marosimlarda, Navro‘z kabi bayramlarda qo‘llanilgan. Hushtakchalarni yasash va sotish bilan asosan ayollar shug‘ullanishgan.
Naprstek nomidagi muzeyda kulolchilik mahsulotlari to‘plami orasida eng qadimiy hisoblangan mahsulotlar XIX asr oxirlarida ishlab chiqarilgan. Bular asosan 1970 yillarda muzeyga kelib tushgan sirli sopol idishlar hisoblanib, ular anʼanaviy idishlarning (lagan, badiya, xurma) turli ko‘rinishlaridan iborat. Shuningdek, mashhur o‘zbek kulollari tomonidan yaratilgan hushtaklar ham bu to‘plamdan joy olgan. Muzey hujjatlarida g‘urumsaroylik Mahmud Rahimov va Hakim Satimov (Farg‘ona vodiysi), O‘balik Hamro Rahimova (Buxoro viloyati), xonqalik Rayimberdi Matchonov (Xiva yaqinida) kabi ustalar nomlari saqlanib qolgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.