Saroy dunyoviy musiqa san’atining O‘rta Osiyoga xos, islomgacha bo‘lgan davr an’analari keyinchalik xalifalikning arab markazlaridagi saroy an’analari shakllanishiga ham katta hissa qo‘shgan. Islomning ilk asridanoq Movarounnahr, Eron va Xurosondan xalifalar va ularning yuqori mansabli amaldorlariga ashulachi va cholg‘uchilarni tuhfa sifatida yuborish an’anasi shakllangan. Ular saroyda juda katta dovruq qozonishgan va o‘sha yerdagi musiqa madaniyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazishgan.
Xalifalikdagi shahar madaniyatida dunyoviy musiqa yo‘nalishlari rivoji islomning ilk asrlarida ko‘p hollarda Movarounnahr, Xuroson va Eron musiqa an’analari ta’sirida taraqqiy etgan. Saroylardagi musiqa bazmlari ham to‘xtovsiz davom etgan.
Musiqa san’atida antik (yunon va rum) ilmiy meros orqali boyitilgan dunyoviy yo‘nalish IX – XII asrlarda ilmiy-musiqiy tafakkurning yorqin rivoji uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Bu sohaga O‘rta Osiyoda tug‘ilib o‘sgan yoki faoliyati qaysidir darajada shu mintaqaga bevosita aloqador bo‘lgan buyuk olimlar – Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Faxriddin Roziy va boshqalar juda katta hissa qo‘shishgan. Ularning asarlarida Movarounnahrning musiqiy yutuqlari – cholg‘u asboblari, sozlash usullari, texnik jihatdan nozik, qadimiy ijro shakllari va boshqalar yorqin aks ettirilgan.
Kaykovus (XI asr) qalamiga mansub mashhur «Qobusnoma» asarida o‘sha payt san’atida shon-shuhrat qozongan «Movarounnahr to‘rtliklari» (dubaytihoyi Movarounnahr), jang san’ati, qon to‘kish, oshiqlik va sarguzashttalablik – ayyor-pishagi haqida ham batafsil so‘z yuritiladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.