Mavlono Kavkabiy nimasi bilan mashhur?

Keyingi asrda Hirot musiqa an’analari Buxoro va Samarqandda davom etgan. Hirot va Buxoro shaharlarining musiqiy an’analari birbiriga yaqin, zero bu ikki shahar o‘rtasidagi aloqalar uzoq asrlardan beri davom etib kelgan, musiqachilar bir shahardan ikkinchisiga o‘tib yurishgan, musiqiy qadriyatlar ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq sayqal topib borgan.

XVI asr boshida temuriylar davlati tanazzulga yuz tutgach, Hirot an’analari Buxoroda rivojlana boshlagan. Turli sabablarga ko‘ra, Buxoroga temuriylar madaniyatining ilg‘or vakillari, jumladan, mashhur musiqachilar ham ko‘chib o‘tishgan. Bu davrda mazkur shaharda Mavlono Najmiddin Kavkabiy Buxoriy (1470 yillarning boshi – 1532 – 1533 yillar) ijod qilgan. U juda iste’dodli inson, o‘z davrining iqtidorli shoiri, sozanda, bastakor, nazariyachi, 12 maqom tizimining bilimdoni, bir qator yirik san’atkorlarning ustozi, astronom olim, naqshbandiya tariqati vakili va tariqatning musiqiy-falsafiy talqini tadqiqotchisi bo‘lgan. Kavkabiy yashagan va ijod qilgan davr ikki sulola – Alisher Navoiy va Husayn Boyqaroning madaniy doirasiga oid temuriylarning so‘nggi hukmronlik yillari hamda shayboniylar davriga to‘g‘ri kelgan. U shayboniylar sulolasining o‘sha paytdagi yetakchisi Ubaydullaxonga musiqa ilmidan saboq bergan, deb taxmin qilinadi.

Kavkabiyning aynan mana shu, ya’ni Buxorodagi faoliyati samarali va xilma-xilroq bo‘lgani bilan ajralib turadi. O‘sha yillari u asosiy ilmiy ishi hisoblangan «Musiqa haqidagi risola» asarini bitgan. Hozirgi O‘zbekiston, umuman O‘rta Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharqning tarixida Kavkabiy musiqaning ilmiy-amaliy sohasiga qo‘shgan hissasi tufayli dong taratgan. U o‘z davrida XVI asrdan boshlab musiqa va musiqiy amaliyot to‘g‘risidagi fan sifatida tasdiqlangan amaliy yo‘nalishning oyoqqa turishida katta jonbozlik ko‘rsatgan, musiqiy-nazariy tizimdagi maqomotni ham isloh qilgan. O‘z asarlarida musiqaning matematik nazariyasidan amaliyotga, musiqa san’atining rasional, ilmiy va tabiiy asoslaridan afsonaviy va badiiy talqinga o‘tish yo‘llarini ko‘rsatib bergan.

Kavkabiy yangi tarixiy bosqichda Buxoro maqomoti ilmiy-amaliy maktabini qaytadan yaratib, jonlantirgan, shuning zamirida Buxoro Shashmaqomi yuzaga kelgan. Kavkabiyning qator asarlarida ilgari surilgan musiqa haqidagi mulohazalar, g‘oyalar XIV asr oxiri – XX asr boshlariga kelib musiqachilar, san’at va adabiyot davralarida katta shuhrat qozongan. Bu fikrlar ta’sirini XVI asr o‘rtalarida qaysidir ma’noda Buxoro maktabi negizida shakllangan Shimoliy Hindiston ilmiy-amaliy maktabida ham ko‘rish mumkin.

Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining “Rossiya Federasiyasi to‘plamlaridagi O‘zbekiston musiqiy merosi” (VI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.