Axborotning dolzarbligi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasining roli ortib borayotganini e’tiborga olgan holda 2010 yilda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosini loyihalash va qurish ishlari boshlandi, 2011 yil dekabrda bino foydalanuvchilarga o‘z eshiklarini ochdi.
Kutubxona uchun Toshkent markazida, «Ma’rifat markazi» me’moriy majmuasida joylashgan yangi bino qurildi. Qurilishdan ko‘zlangan maqsad zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, aholining, ayniqsa, yoshlarning axborot, ilmiy-ma’rifiy va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan zarur shart-sharoitlarni yaratish edi.
Yangi binoning umumiy maydoni 38 ming kv.m ni tashkil etadi va u asosiy ishlab chiqarish zonalari, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish zonalari, fondlarni saqlash inshootlari va xalqaro simpoziumlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan zalni o‘z ichiga oladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasining qo'lyozma va kitob merosi” kitob-albomida (XLI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.