Milliy tasviriy san’at maktabi vakillari (I qism)

O. Tatevosyanning «Kolxozda hordiq», «Bozorda», «Rafiqa portreti», «Hordiq», «Qarag‘aylar soyasi ostida» kabi Davlat San'at muzeyi (DSM) jamlanmalaridagi ishlanmalari rassomning shartli, dekorativ ishlardan realistik ijodiy evolyusiyaga, ijod yo‘lining nihoyasida esa yana shartli avangard ishlarga o‘tganligini kuzatish imkonini beradi.

 

U O‘zbekistonda 1917 yildan 1966 yilgacha yashadi va u tasviriy san’at milliy maktabining asoschilaridan biri sanaladi. 1920 yillar boshida O. Tatevosyan rassomlikda milliy o‘ziga xoslikka erishish yo‘llarini axtardi. U Sharq miniatyurasini o‘rgandi, o‘z ijodida esa uning an’analarini har bir predmetda aniq-tiniq alohida dekorativ rang, kompozisiyani qat’iy ritmik asosda tasvirlashni davom ettirishga harakat qildi. Rassom kartinalarida qandaydir hayratli yorug‘lik ifodalangan. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, hayotni ajoyib dunyoda tasvirlashga urinish rassomning butun ijodi mobaynida saqlanib qolgan. 

DSM kolleksiyasi so‘zsiz o‘z yo‘nalishiga ega. Masalan, undan O‘. Tansiqboyevning birmuncha keyingi asarlari – «Qora dengiz», «Chorvoq dengizining tug‘ilishi», «Senej ko‘li», shu bilan birga masalan, P. Benkovning ko‘pgina taniqli kartinalari – «Dutorchi qiz», «Unashtirilgan tatar qizi», «Shohi Zinda», «Jangchiga sovg‘a», «Amir amaldori», «Buxorodagi bozor» o‘rin olgan. 

Ammo muzeyda saqlanayotgan rassomlarning har bir asari buyuk rassomlarning meroslarini yaxshiroq tushunishga imkon beradi. O‘. Tansiqboyevning peyzajchi sifatidagi mahorati, hatto kichik kartinalari ham hayratga soladi. Rassomning so‘nggi kunlarida ijodidagi bosh ilhomlantiruvchi kuch doimo tabiat bo‘lib qoldi. Qadrdon o‘lkasi hayotiga daxldorlikni his qilish, O‘rta Osiyoning betakror o‘ziga xosligidan, uning maftunkor go‘zalligidan faxrlanish rassomning eng yaxshi asarlarida o‘z aksini topdi.

Bu haqda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi to‘plami” (XIII jild) kitob-albomidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.