Milliy tasviriy san’at maktabining shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shgan rassomlar (II qism)

Muzey jamlanmasidan o‘rin olgan o‘zbek avangardining yorqin, dramatik shaxslaridan biri M. Kurzin hisoblanadi.

Fojiali taqdirga ega rassom butun umri mobaynida hayot va san’atga nisbatan muhabbatini namoyon etdi. Rassom ijodida ikki yo‘nalish – yorqin ifodalangan realizm va grotesk-satirik dekorativlikni qayd etmaslik mumkin emas. Ma’lumki, uning asarlarining aksariyati (1924 – 1936 yillar) yo‘q qilingan. Shu bois rassomning DSMda taqdim etilgan ishlari alohida ahamiyat kasb etadi.

 «Daraxt kesuvchilar brigadasi», «Selmashzavod oshxonasi», «O‘t o‘chiruvchilar komandasi», «Qizil choyxona», «Buket», «Natyurmort» kartinalari rassom ijodiy mahsulining nafaqat miqyosi va rang-barangligi, balki rassom ijodi mobaynida realistik yo‘nalish asta-sekin ustunlik qila boshlaganini namoyish etadi. O‘zbek milliy rassomlik maktabining shakllanishiga hissa qo‘shgan yana bir rassom N. Karaxan bo‘lgan. Uning «Bug‘doy yig‘ishtirish», «Zavod quvurlari», «Salar», «Ayollar daryo bo‘yida», «Pushti tog‘lar», «Yer haydovchilarga yordam» kabi ishlanmalarida zamonaviylik, freskaning monumental tili, plastikaning yirik miqyosi, yorqin ranglar energiyasi sezilib turadi. 

Rassom tomonidan bajarilgan kartinalar yangi O‘zbekiston qurilishining o‘ziga xos solnomasi sanaladi. Yorqin chizilgan rasm, ritmik kompozisiya, dekorativlik – Karaxan asarlarning ajralib turadigan jihatlaridir. 

Bu haqda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi to‘plami” (XIII jild) kitob-albomidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.