Movaraunnahr, Markaziy Osiyo xalqlarining tarixi, davlatchilik anʼanalari va madaniy merosi har doim xorijliklar uchun qiziq va ahamiyatli bo‘lgan.
Bugun Ispaniyaning Madrid shahrida ham ana shu tarixiy-madaniy merosimiz bilan bog‘liq ko‘plab qo‘lyozmalar va artifaktlar saqlanmoqda. WOSCU boshqaruvi raisi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori F. Abduxoliqov ana shu nodir boyliklarimiz, qolaversa islom olami uchun moʻtabar bo‘lgan qo‘lyozmalar saqlanayotgan shaharda bo‘ldi.
Ayniqsa, taniqli Qurʼonshunos, sharqshunos, islom olimi, paleografiya bo‘yicha mutaxassis, Fransua Derosh hamda Kulturalis nashiryoti rahbari Sharlotta Kramer bilan kechgan uchrashuv har tomonlama manfaatli bo‘ldi deyish mumkin. Muloqotlar jarayonida bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, uning kontsepsiyasi, uning tarkibidagi muzey ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish yo‘lidagi saʼy-harakatlar hususida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, “114 Qurʼon” loyihasi doirasida muzokaralar olib borildi. Eng nodir va bezakli, qolaversa taniqli 114 ta Qurʼoni Karim sahifalarini bitta to‘plamda nashr etish bilan bog‘liq loyihada Fransua Derosh ilmiy koordinator sifatida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Madrid milliy kutubxonasi. Yurtimiz madaniy tarixiga oid yana bir manba. Ispaniya elchisi Rui Gonsalis de Klavixo qalamiga mansub Amir Temur saltanati va davlatchiligi haqida yozgan kitobning asl nusxasini ko‘rishga muvaffaq bo‘lindi. Sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur bilan o‘z vaqtida yuzma-yuz muloqatda bo‘lgan yevropalik elchi - Rui Gonsales de Klavixoning “Kundalik”lari Amir Temur va temuriylar davri tarixiga oid muhim asarlardan biri hisoblanadi. Ushbu asarning ahamiyatli jihati shundaki, Klavixo Amir Temurni ko‘rib, u bilan bevosita suhbatlari asosida xotiralar yozgan sanoqli, yaʼni to‘rt kishidan biridir. Uchrashuv davomida mazkur kitobdan faksimil nusxa olish va uni yurtimizga olib kelish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Milliy kutubxonaning qo‘lyozmalar departamenti rahbari bu loyihani qo‘llab quvvatlashi va hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning madaniy merosini asrash va keng ommalashtirish bo‘yicha birgalikdagi loyihalar hamda kelgusidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.