“Bu «Avlod ul-muborak» («Muborak avlod») maqbarasini buyuk sulton, yumshoq ko‘ngil, hukm va hikmatda sultonlar afzali, zamonaga omonlik baxsh etuvchi, millat va din g‘amxo‘ri Ulug‘bek Ko‘ragon, Alloh taolo uning mulki va sultonatini abadiy qilsin, [hijriy 841/1437–38 yil oylarining birida bino qilishga amr etdi].”
Ushbu bitik Samarqanddagi Shohi Zindani eslatuvchi Shahrisabzdagi Gumbazi Sayyidon maqbara interyeridagi bitiklardan biridir. Unda Shahrisabzdagi Gumbazi Sayyidon maqbarasini «Avlod ul-muborak» («Muborak avlod») deya taʼrif berilgan.
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi tadqiqotchilari keltirgan maʼlumotlarga ko‘ra, Gumbazi Sayyidon maqbara interyeridagi bitiklar qisman restavratsiya qilingan. U keng polosa ko‘rinishida devor choragining izorasi – frizi bo‘ylab o‘tgan. Matnning boshlanishi, taxmin qilinishicha, janubi-g‘arbiy burchakda bo‘lgan. Bitik jigarrang fonga oq rangdagi harflar bilan suls xatida yozilgan. Mazkur tarixiy matn to‘rt devorning hammasida ikki marta takrorlangan. Bu noto‘g‘ri restavratsiya qilish natijasida bo‘lganmi, yo matn azaldan haqiqatan ikki martadan yozilganmi, hozir bir narsa deyish qiyin, negaki matnning o‘zi tugal bo‘lib ko‘rinadi. “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi tadqiqotchilarining fikricha, bunday holatlar amaliyotda uchramagan. Biroq ana shu ko‘rinishida u devorlar frizlaridagi yuza makonning atigi yarmini egallagan, xolos. Matn so‘ngidagi sanaga to‘xtaladigan bo‘lsak, u hozir saqlanib qolmagan, 1988 yildagi ko‘zdan kechirib tekshirish chog‘ida B.M.Bobojonov tomonidan qayd etilgan va nusxasi ko‘chirib olingan edi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida (279-sahifa) tanishishingiz mumkin.