Muhammad Murod Samarqandiyning ifoda uslubi (I qism)

Muhammad Murodning asari Hirot va Behzodning uslubidan farqli o‘laroq Movarounnahrning o‘ziga xos innovasion uslubini namoyish etadi. Muhammad Murod romantik uslubdagi rassom, ammo uning romantikasi lirik emas, balki chuqur dramatik va sharqonadir. Uning ijodi Firdavsiy dostonining qahramonlik ruhiga to‘liq mos keladi. O‘z kompozisiyalari uchun u beozor suhbatlar yoki majlislardan ko‘ra keskin to‘qnashuvlar mavzusini tanlagan. Qonxo‘r ko‘rshapalaklar tasvirini sahnaning eng kulminasion nuqtasi deyish mumkin. Shuningdek, Siyovushning gulxan ichidan o‘tishi, pahlavon Peronning xarsang toshga yaqinlashayotgani singari sahnalar ham bunga misol bo‘la oladi. Xattot qo‘lyozmada surat uchun qoldirgan ingichka bo‘sh joylarga rassom bir nechta qahramonni o‘z ichiga olgan kompozisiyalarni ishlagan. 

Biroq ularni shunday joylashtirganki, bu ko‘p personajli tasavvurdagi holatni ko‘rsata olmagan. Behzod uslubidagi miniatyurachilarning yumshoq chizgilaridan farqli o‘laroq Muhammad Murod keskin, ba’zan burchakli va egri konturlarni namoyish etadi. 

Uning peyzaji, kiyim va fonining rangi tabiiylikdan ko‘ra ko‘proq ramziylikka yaqinroq. Rassom tasavvurga sig‘maydigan, kutilmagan ranglar va ularning kombinatsiyalariga – ko‘k va pushti otlarga, binafsha rang tuproqqa, olov rang-qizg‘ish osmonga murojaat qiladi. Muhammad Murod miniatyuralarining hissiy xarakteri badiiy san’at yordamida yaratilgan bo‘lib, u «Shohnoma»dagi sahnalarni to‘ldiradigan ishtiyoq va hissiyotlarni namoyon qiladi.

Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi (XXV jild), “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.