Shahrisabzning sinchkorlik tipidagi mavze masjidlaridan biri bo‘lgan Hazrati Malik Ajdar masjidining peshtoqining arkasimon ravog‘i ichida yomon saqlangan bitiklar mavjud.
Ular suls va kufiy xatlarida zangori rangdagi harflar bilan yozilgan. Saqlanib qolgan harflar va ayrim so‘zlarga qarab bu yerda «Kalimai tayyiba» va «Kalimai shahodat» yozilgani aniqlandi, ular kufiy xatida bitilgan. Dumaloq kitobalarda suls xatida: «Uning ismlari ichida eng xayrlisi bo‘lmish Alloh nomi bilan (boshlayman)» deb yozilgan. Kitoba markazida – “Alloh” deb yozilgan. Kitobalar atrofi bo‘ylab esa Muhammad payg‘ambar va to‘rt xalifa ismlari – «Abu Bakr», “Umar”, “Usmon” va “Ali” nomlari bitilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.