Chust oshi azaldan minglab sayyohlarni o`ziga jalb etib kelgan. Chust tumani markazida joylashgan, boshqa joyda o`xshashi yo`q istirohat bog`ida jazirama kunda ham harorat salqinligi jihatidan ko`chaga nisbatan 5-6 daraja farq qiladi. Aynan shu erdagi soya-salqin so`rilarda o`tirib, maza qilib Chust oshidan tanovul qilishingiz mumkin. Mana shu gastronomik turizmdir. Bu ro`yxatni davom ettirsak, Kosonsoyning mantilari, Norin va Mingbuloqning baliqlari, Yangiqo`rg`on Nanayidagi besh barmoq taomining ancha mashhurligi bor. Namangan shahrida tayyorlash yo`l qo`yilgan tandirga kosasi bilan yopiladigan somsa ham o`ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Bundan tashqari Uchqo`rg`onda qulupnay, To`raqo`rg`onda gilos, Chustning Axchasida uzum, Mingbuloqda tarvuz, Popda qovun sayli kabi sayllarning o`tkazilishi ham ham mahalliy va xorijiy sayyohlarni o`ziga jalb qilmoqda.
2 - Do'ppilari va pichoqlari juda mashhur...
Chust tumaniga kelsangiz, albatta tuman aholisidan pichoqchilik va do`ppichilik mahallalarini so`rang. Chust istirohat bog`idagi so`lim havoda oshni paqqos tushirib bo`lgach, aynan o`sha mahallalarga borsangiz, boqqa tutash xonadonlarda ayollar do`ppichilik bilan, erkaklar esa pichoqchilik bilan shug`ullanayotganining guvohi bo`lasiz. Narxlarga kelsak, 30 ming so`mdan boshlab 300 ming so`mgacha bo`lgan do`ppilarni, 30-ming so`mdan 500 ming so`mgacha bo`lgan pichoqlarni xohlagancha talashib-tortishib xarid qilishingiz va shuning barobarida mazkur qo`l mehnati mahsulotlarining tayyorlanish jarayonini ham o`z ko`zingiz bilan ko`rishingiz mumkin. Bu bozordan shunchaki mahsulot olganga qaraganda anchayin qiziq jarayon.
3 - Eramizdan avvalgi "megapolis".
Namanganning To`raqo`rg`onida bir tepalik bor. Bu tepalikda eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan Axsikent shahrining xarobalari yotadi. Ochiq osmon ostida joylashgan muzeyga aylantirilgan bu qadimiy shahar xarobalarini tomosha qilib, o`tmishga sayohat qilasiz. Yoshi jihatidan Afrosiyobga tenglashtirilgan, “Farg`ona Afrosiyobi” nomini olgan Axsikent tarixi yillar davomida o`rganilib kelinsa-da, u qadar ko`p e`tibor qaratilmagan. 2017 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Namangan viloyatiga tashrifidan so`ng bir paytlar maydoni 400 gektarga yaqin, aholisi esa 200 mingdan ziyod bo`lgan “megapolis” shahriga jiddiy e`tibor qaratila boshlangan.
4 - Muqaddas qadamjolar.
So`nggi yillarda viloyatdagi eski ziyoratgohlarga qaratilayotgan e`tiborlar sababli turli qadimiy va qutlug` qadamjolar qayta tiklanmoqda. Jumladan, sizga tavsiya etishimiz mumkin bo`lganlaridan Chustdagi Bibiona yodgorligi va Chortoqdagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohlaridir. O`z tarixi, afsonalari, so`lim tabiati va shifobaxsh buloq suvlariga ega bu muqaddas ziyoratgohlar sizda olam-olam taasurotlar qoldirishi tabiiy.
5 - Gruziyada borjomi, Namanganda esa chortoq...
Chortoq tumanida 507 metr chuqurlikdan olinadigan sof mineral suvlar oshqozon-ichak tizimi, jigar, o`t pufagi yo`llari, oshqozonosti bezi hamda qandli diabet kabi xastaliklarni davolashda keng qo`llaniladi. Bundan tashqari, og`iz bo`shlig`i, qizilo`ngach va oshqozonga mexanik, termal va kimyoviy ta`sir ko`rsatib, oshqozon shirasi ajralishini yaxshilaydi. Gruziyaning Borjomi turistik shahriga borolmayapsizmi? Unda Chortoqqa keling. Chunki havosi va ma`danli suvlarining shifobaxshligi bo`yicha ular bir-biridan qolishmaydi.