O‘rta Osiyo kiyimlari mahalliy aholining turmush tarzi va geografik iqlimga mos tarzda tayyorlangan, shuningdek, alohida hududlarga monand yuksak didni o‘zida aks ettirgan.
Biroq kundalik, bayram va motam liboslari bir-biridan farqlanib turgan. Shunga qaramay, erkak, ayol va bolalar kiyimlari bichimida juda ko‘p umumiylikni ham ko‘rish mumkin. Kiyim rangi o‘z egasining yoshi va ijtimoiy mavqeidan darak bergan. Yosh qizlar va ayollar yorqin ranglardagi kiyimlar kiyishgan bo‘lsa, keksalarning liboslari esa nisbatan odmiroq rangda bo‘lgan. Erkaklar kiyimining asosini ip gazlamadan to‘g‘ri bichimda tikilgan ko‘ylaklar, beli belbog‘ bilan bog‘lanadigan qavima to‘n, keng ishton tashkil etgan. Erkaklar kiyim-kechaklarida bosh kiyim hisoblangan do‘ppi ham alohida o‘rin tutadi.
Choponlarning turi va ko‘rinishi, ayniqsa tayyorlangan matosi va rangi bilan bir-biridan farq qilgan. Ularning o‘ziga xos tomoni – otda yurishga moslashtirilgan yirtig‘i bo‘lgan. Qadimda choponlar ancha uzun tikilgan va yenglari uzun bo‘lgan. XIX asrning oxiriga kelib choponlar kaltalasha boshlagan. Issiq oylarda yengil choponlar, sovuq kunlarda esa paxtali qavima choponlar kiyilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlarida” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.