Naprstek nomidagi muzeyda saqlanayotgan O‘rta Osiyo to‘plami buyumlari va ularning to‘plovchilari

Naprstek nomidagi muzey (ilgari Chex sanoati muzeyi bo‘lgan) XIX asrning 60-yillarida chex madaniy va siyosiy hayotida muhim shaxs hisoblangan Voyta Naprstek (1826 – 1894 yillar) va uning onasi, pragalik uddaburon tadbirkor Anna (1788 – 1873 yillar)ning tashabbusi bilan xususiy to‘plam sifatida tashkil topgan.

O‘rta Osiyoga daxldor buyumlarning eng qadimiysi Natalya Petrovna (familiyasi aniq emas) hamda Frantishek Kratkiy tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, ular 1863 yilgacha yaratilgan buyumlar hisoblanadi.Ashyolar Naprstek nomidagi muzeyga 1921 yilda keltirilgan bo‘lib, ilgari Zem muzeyining xorijiy etnografiya bo‘limi to‘plami tarkibida bo‘lgan. Bir eksponat to‘plami Yulius Zeyer tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, ular muzeyning dastlabki faoliyatida ko‘rgazmaga qo‘yilgan eng qadimiy buyumlar hisoblangan. Yulius Zeyer (1841 – 1901 yillar) – taniqli chex yozuvchisi, dramaturg va shoir, Naprsteklar oilasining yaqin do‘sti hisoblangan. Rossiyadan qaytib kelgach, muzeyga bir juft oyoq kiyimi, hayot so‘ngida esa (1899 y.) – Nurota va joynamoz taqdim qildi.

1883 yilda muzey Rossiyada ishlagan muhandis Emanuel Meyergansdan 24 ta buyum qabul qilib oldi. Bu buyumlar asosan O‘zbekistonning Marg‘ilon shahridan keltirilgan bo‘lib, ular kumush taqinchoqlar, poyabzal va ustki kiyimlar, yozuv qurollari, xatcho‘plar, hamyonlardan iborat edi. 1887 yili muzeyga bir necha ashyolarni Marvda ishlagan injener M. Shkorpil (1856 – 1931 yillar) taqdim etgan. Bu bosh kiyimi, chilim, qovoq kosa bo‘lib, jez g‘ilofli qovoq suv idishning pastki qismigina saqlanib qolgan.
       
1891 yil muzey Verni gimnaziyasi professori Vaslav Krachmerdan bir nechta buyumlarni hadya sifatida qabul qilib olgan. Bu Toshkentdan keltirilgan pul xaltasi va Samarqandda tayyorlangan zirak edi. 1902 yilda V. Krachmer Naprstek nomidagi muzeyga yana bir nechta ashyo, jumladan kumush zirak, kashtali etik va duxobaga tikilgan zardo‘zi mato parchasini taqdim qilgan. Sankt-Peterburg konservatoriyasi professori Yozef Seyfert 1892 yil muzeyga Toshkentdan keltirilgan ikkita nog‘ora sovg‘a qilgan. Keyinroq muzeyga doira kelib tushgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlarida” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.