Nega o'zbeklarning tarixiy fotosuratlari ko'p emas?

Tarixiy fotosuratlarda hozirgi O‘zbekiston hududlarida yashagan turli xalqlar vakillari aks ettirilgan.

Bunday suratlar unchalik ko‘p emas. Ammo ular o‘sha davrda yashagan odamlarning tashqi ko‘rinishi, an’anaviy kiyimlarining o‘ziga xosligi haqida hikoya qiluvchi hujjatli guvohliklardir.

O‘zbeklar yakka holda yoki guruh bo‘lib tushgan fotoportret suratlar ko‘p emas. Bir tomondan bu hol musulmon xalqining odam suratiga nisbatan eskicha tushunchalari bilan bog‘liq bo‘lib, fotosuratchilar portret suratini oldirishni istovchilarni izlab, sarson bo‘lishardi.

Ayniqsa ayol portretini olish ancha mushkul edi. Negaki o‘zbek ayoli begona erkak qoshida yuzini ochib turishi yoki o‘tirishi taqiqlanardi. Masalan, ayol kiyimlarini namoyish qilish uchun fotosuratchilar o‘zbekcha an’analarda kiyingan «model»lar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lishardi. Agar maxsus antropologik suratlar nazarda tutilmasa, o‘zbeklarni o‘z madaniyati doirasida, ya’ni biron ish bilan mashg‘ul holatini, birov bilan gaplashib turgani yoki an’anaviy me’moriy yodgorliklar va tabiiy sharoitlarda suratga olish fotosuratchilaruchun juda muhim o‘rin tutardi.

Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda» (XXXVII jild) kitob albomida tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.