Neva daryosi bo‘yidagi jome masjidining o‘ziga xos xususiyati nimada?

Neva daryosi bo‘yidagi bu jome masjidining o‘ziga xos muhim xususiyati shundan iborat bo‘lganki, uning devorlari old qismi, peshtoq, gumbaz va minoralarining bezaklarida asl koshindan foydalanilgan.

Bu bezak O‘rta Osiyo koshinini tayyorlash uslubi va yo‘llariga rioya qilingan holda «Geldveyn-Vaulin» ustaxonasida tayyorlangan. Bungacha esa bezakli koshinni sanoatlashgan tarzda ishlab chiqarish Peterburg yaqinida, Gatchinadan uzoq bo‘lmagan Kikerino hududida Pyotr Vaulin tomonidan yo‘lga qo‘yilgan va u yerda bu bezakni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan Kembriy gilining koni mavjud bo‘lgan. 

Bezakning asliyatga imkon qadar yaqin bo‘lishini ta'minlash maqsadida P.K. Vaulin bu me'moriy bezakni tayyorlash uslubini to‘liq o‘rganib kelishi uchun rassom P.M. Maksimovni Turkistonga jo‘natgan. Bu esa Peterburgdagi masjid binosida dunyoga mashhur O‘rta Osiyo me'moriy obidalariga xos bo‘lgan ranglar uyg‘unligini mukammal tarzda ifodalash imkonini bergan.Taassufki, 1914 yilda boshlangan Birinchi jahon urushi qurilish ishlarining borishiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. «Geldveyn-Vaulin» ustaxonasi qurol-aslaha ishlab chiqarishga qayta moslangan. 1917 yil bu ustaxona yonib ketadi va oqibatda masjid ichki qismining koshin bilan bezatilishi yakuniga yetmay qoladi. 1984–87 yillardagi ta'mirlash ishlari davomida gumbazning koshinli sirti to‘liq olib tashlanib, uning o‘rniga texnik chinni qoplanadi. 

Bugungi kunda uning bo‘laklari Din Tarixi Davlat Muzeyi to‘plamlarida saqlanmoqda va doimiy ko‘rgazmaga qo‘yilgan. 2008  yilga qadar mazkur jome masjidi Sankt-Peterburgda yagona bo‘lib kelgan. Uning yuz yildan beri ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralari va lojuvard gumbazi bugungi kunda ham shahar me'moriy qiyofasining ajralmas qismi sifatida qadrlanadi va o‘zining nafis bezaklari hamda ajoyib xattotlik namunalari bilan shahar aholisi va mehmonlarini maftun etib kelmoqda.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Din tarixi Davlat Muzeyi to‘plami" kitob-albomida ( XII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.