Amirlikni 1860–1885 yillari boshqargan Said Muzaffariddin Bahodirxonning F. Orde tomonidan 1880 yillari tushirilgan faqat bittagina fotosurati ma’lum.
Ammo bu surat o‘sha davrning turli nashrlarida turlicha talqin etildi. Uning hukmdorlik davrida Buxoro amirligining tashqi va ichki holati keskin o‘zgarib ketdi. 1873 yilda u shunday hujjatga imzo chekishga majbur bo‘ldiki, bundan bu yog‘iga amirlik mustaqil davlat hisoblansa-da, amalda Rossiyaning ruxsatisiz bir qadam ham bosa olmas edi. Mahalliy ruhoniylar Muzaffarxonni judayam «ruslashib» ketganlikda, Buxoroi Sharifni g‘ayridinlarga sotganlikda aybladilar. Amir qasd qiluvchi, intiqomchilardan qo‘rqib, o‘z saroyini kamdan-kam hollarda tark etadigan bo‘ldi. Muzaffarxon siyosatidan ayrim yuqori mansabdorlar ham noroziligi ma’lum edi. 1868 yilda qo‘zg‘olon ko‘targan katta o‘g‘li Abdumalik to‘ra ham shular jumlasidan edi. Biroq Rossiyaning harbiy ko‘magi vositasida Muzaffarxon o‘z yurtida nisbiy tinchlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Amirning o‘zi faqat 1881 yilda Aleksandr III ning taxtga o‘tirishi munosabati bilan Peterburgga safar qildi.
Said Muzaffariddin Bahodirxon 1885 yilda vafot etdi va Buxoroning Imlo Eshon qabristoniga, ajdodlari yoniga dafn etildi. Zamondoshlarining ta’kidlashicha, «u xo‘mrayib yuradigan, qoshlari qalin, qarashlari yoniq va o‘tkir ko‘zli odam bo‘lgan… Nigohi, ovozi, yurish-turishi hamsuhbatga yoqimli», yuzidan esa «ochiqlik va insoniylik ufurib turardi». Uning fotoportretini kuzatganlarda ham shunday taassurot uyg‘onadi.
Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda» (XXXVII jild) kitob albomida tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.