Vamberining Istanbulda chig‘atoy matnlarini o‘rganishi, uni O‘rta Osiyo turkiy xalqlarining madaniyati va tillari bilan shug‘ullanishga qiziqtirib qo‘ydi.
U o‘zining sayohatlari haqidagi hisobotining inglizcha nashriga so‘zboshisida ushbu mintaqa shaharlari bo‘ylab xavfli sayohatga chiqishiga undagan sabablarni quyidagi so‘zlarda mujassamlagan:
«Venger tilining Oltoy tillari deb nomlanadigan til guruhiga tegishli ekanligi hammaga ma’lum, ammo uning fin yoki tatar ostguruhiga kirishi esa hali hal qilinishi lozim bo‘lgan masala. Biz ya’ni vengerlar uchun ham ilmiy, ham milliy jihatdan qiziq bo‘lgan ushbu tadqiqot mening Sharqqa sayohatimning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Tirik tillarni amaliy tomonlama o‘rganish orqali men ular orasidagi mavjud qarindoshlikning ijobiy darajasini o‘rnatishga intildim. Venger va turk-tatar lahjalari o‘rtasidagi nazariyalar taqdim etgan mavjud o‘xshashliklarni zaif dalillar ichidan ajratib olar ekanman ular meni yanada hayratga sola boshladi».
Vamberining hozirgi O‘zbekiston hududiga sayohati uning chig‘atoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirdi. Ushbu sayohat davomida u o‘zi tashrif buyurgan shaharlardan to‘plagan qo‘lyozmalar tadqiqotchining kelajakdagi ilmiy faoliyati uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi. O‘rta Osiyoda Vamberi qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan qo‘lyozmalar haqidagi batafsil ma’lumotlar quyida, Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasining Sharqiy kolleksiya fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning hadyachilari haqidagi bobda keltirilgan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston madaniy merosi Vengriya Fanlar akademiyasi to‘plamida” (42-jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.