Britaniya muzeyidan mamlakatimizga 6 naqshinkor tarixiy koshin qaytarildi. Ular mazkur muzeyning Yaqin Sharq departamenti katta kuratori J.Simpson tomonidan O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga repatriatsiya qilish uchun topshirilgan. Koshinlarning umumiy og‘irligi 25 kg bo‘lib, 3 qutiga joylashtirilgan.
Koshinlar 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi hududidan noqonuniy olib chiqib ketilgan hamda Londonning Xitrou aeroportida qo‘lga olingan.

Britaniya mutaxassislar fikriga ko‘ra, XIII-XIV asrlarga oid ushbu tarixiy yodgorliklar Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasiga tegishli ekani ehtimol qilingan. Shuningdek, tomonlar kelishuviga ko‘ra, koshinlar 17 maydan 1 avgustga qadar Britaniya muzeyida namoyish etilgan.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Britaniya muzeyi direktori Xartvig Fisherga ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorchilik yo‘llab, har ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bundan keyin ham davom etishiga ishonch bildirdi.

MA‘LUMOT «YANGI O‘ZBEKISTON»DAN OLINDI.