Noyob meʼmoriy inshootda yo‘qotishlarga uchragan bitik

Shahrisabzdagi Amir Temur o‘zi uchun tayyorlatgan daxma va undagi toshtobut sirtida turli bitiklar bo‘lib, ularda Qurʼoni karimdan iqtibos sifatida keltirilgan suralar, kalimalar va duolar yozilgan.

 

Daxmadagi chorcho‘p ko‘rinishidagi to‘g‘ri burchak o‘yilgan ravoqlar ichida ham turli duolar, shu jumladan, “Qunut” duosini o‘zida gavdalantiruvchi satrosti bitiklar mavjud. Ammo “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri tadqiqotchilarining xulosalariga ko‘ra, xattotlik mahorati bilan suls xatida yozilgan bitikda yo‘qotishlar mavjud. 

Bitikda yozilgan duo matni quyidagicha:

[Ey Allohim], bizlarni olov, do‘zax, jahannam va uning alamli azoblaridan saqlagin! Qiyomatdagi qo‘rqinch va uning vahimasini bizlarga oson qilgin! Qiyomat kuni bizlarni adashtirma, ey moddiy va maʼnaviy Ozuqa beruvchi [Alloh], ey Duolarni qabul etuvchi [Alloh], ey Asraguvchi [Alloh], ey hamma narsani Biluvchi [Alloh], ey Tirik va boshqalarni Turgizuvchi [Alloh], ey Sharafli va Karamli [Alloh], ey Aziz [Alloh], ey g‘ayb sirlarini Biluvchi [Alloh]! [Janobimiz] Muhammadga, ul zotga salavot va salom bo‘lsin, salavot yubor!

Ey Allohim, Sening bizlarga yordam berishingni, gunohlarimizni kechishingni so‘raymiz. Senga iymon keltirdik va Senga tavakkal qildik. Senga shukr qilamiz, noshukrlik qilmaymiz. Ey Allohim, Senga ibodat qilamiz, Sening rahmatingni umid qilamiz. Azobingdan qo‘rqamiz. Albatta, haq azobing kofirlar uchun shak-shubhasizdir.

Ey Allohim, hidoyat qilgan kishilaring qatori bizlarni hidoyat qil, ofiyatda qilgan kishilaringdek bizlarni ofiyatda qil, yordam bergan kishilaringdek bizlarga ham yordam ber. Bergan narsalaringni bizlarga barakali qil. Hukm qilgan narsalaringning yomonidan bizlarni saqla. Sen hukm qiluvchisan, biroq Senga hukm qilinmaydi. Sen (yomonlarga) jabr-zulm qiluvchisan, biroq Senga jabr-zulm qilinmaydi. Sen bergan rizqingni (xohlasang) minnat qiluvchi zotsan, biroq Senga minnat qilinmaydi. Senga do‘st bo‘lgan kishilar aslo xor bo‘lmaydi. Senga dushman bo‘lgan kishilar aslo aziz bo‘lmaydi. Ey Rabbimiz, Sen zolimlar aytadigan shirk gaplardan ustun va oliy zotsan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.