Oqsaroyning sharqiy minorasida keltirilgan bitiklar tadqiq qilinganda, undagi bitiklar katta peshtoqning manglay devorida joylashgan va g‘arbiy toq ustunning bosh fasadidagi matnning davomi ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Ular toq ustunning tashqi chekkasi bo‘ylab yuqoridan pastga qarab ketgan (burchak minoradan o‘ng tarafda) va poydevor tepasida nihoyasiga yetgan keng polosa ichida yozilgan. Polosa ichidagi dekorativ lenta polosani ikki xildagi kitobalarga ajratgan: birinchisi chekkalari o‘tkirlashgan cho‘zinchoq shaklda bo‘lib, ularning orasida olti yaproqli gul g‘unchalari ko‘rinishida ikkinchi turga mansub kichik kitobalar joylashtirilgan. Har ikki xildagi kitobalarda ham to‘q ko‘k fonga oq rangdagi harflar bilan yozilgan matn mavjud.
Birinchi tipga mansub katta kitobalarda o‘ng toq ustunning simmetrik polosasida boshlangan matn takrorlangan: العدل اساس الملك و شعار الملوك – «Adolat – davlat asosi va hukmdorlar shioridir».
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.