O‘rta asrlar shaharlari qiyofasini hanuzgacha saqlab kelayotgan Markaziy Osiyodagi yagona shahar Xivadir...
“Xiva“ - deyishimizga sabab uning o‘sha davrlarga xos mudofaa devorlari bilan o‘ralganligi.
Xiva shahrini afsonalarga ko‘ra Nuh alayhissalomning o‘g‘illari Som alayhissalom qurgan deyiladi.
Ammo Xivaning nomi X-asrdan boshlab hujjatlarda tilga olina boshlaydi...
Xiva shahridagi Ichan qal’a me’moriy majmuasi 1990-yilda YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
O‘zbek xalqining tarixi yozma manbalar bilan bir qatorda osori atiqalarida ham muhrlanib qolgan. Kitoblar o‘qiladigan dalillar bo‘lsa, yodgorliklar ko‘riladigan dalillardir.
Osori-atiqalar tarixini bilish ham o‘tmish haqidagi taassurotlarimizni boyitadi va aniqlashtiradi.
Xalqni tarixiy, moddiy madaniy merosni o‘rganish bilan tarbiyalash muhim ahamiyatga ega.
Chunki har bir katta-kichik yodgorlik o‘zbek xalqi va o‘zbek davlatlari tarixidagi muhim bir voqea yoki sana bilan bog‘liq yoki bo‘lmasa, davlat ahamiyatiga molik biror zarurat tufayli bunyod etilgan.

Xiva me’morchiligining o‘ziga xos uslublaridan biri bezak ishlarida faqat koshinlardan foydalanishi va ranglarning bir xilligidir.
Ichan qal’a binolarining bezak ranglari asosan uch xil: ko‘k, yashil va oq.
Xiva koshinpazligining yuksak namunalarini Ko‘hna ark hamda Toshhovli saroylarining hovlilar va ayvonlari bezaklarida uchratish mumkin.
Ichan qal’a bezaklarida Xivaning bunyodkor xoni Ollohqulixon va uning qo‘l ostida ishlagan usta Abdulloh jinlarning xizmatlari beqiyosdir.
Jumladan, Ollohqulixon shaharning sharqiy qismida bir qator qurilish ishlari, Ko‘hna Ark, Pahlavon Mahmud maqbarasi kabilarda qayta ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan.
Toshhovli saroyi ham aynan Ollohqulixon buyrug‘iga ko‘ra 1830–38-yillarda amalga oshirilgan. Toshhovli saroyi uchta katta va to‘rtta kichik hovlilardan iborat bo‘lib,
119 ta xonadan tashkil topgan.
— Hovlilardan eng yiriklari haram, ko‘rinishxona va mehmonxona hovlilaridir. Qolgan kichik hovlichalar esa boshqalariga o‘tishda ishlatilgan.
Ko‘rinishxona va mehmonxonadan haram hududiga maxsus yo‘lak orqali faqat xon o‘tishi mumkin bo‘lgan.Ko‘rinishxonada xon qabul marosimlarini o‘tkazgan.
— Hovli markaziga o‘tov o‘rnatiladigan maxsus supa qurilgan.
Unda xon ko‘chmanchi qabilalar rahbarlarini qabul qilgan. Ayvon va hovli devorlari Xivaning o‘ziga xos bo‘lgan anor, bodom, qalampir bezaklari tushirilgan koshinlar bilan bezatilgan.
Mehmonxona hovlisi ham xuddi shunday koshinlar bilan bezatilgan. Ayvonda ovqatlanadigan katta xona, hovlida o‘tov o‘rnatishga mo‘ljallangan ikkita supa qurilgan.
Hovli chetlarida esa mehmonlar uchun xonalar bor.