O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943 yil O‘zbek davlat ommaviy kutubxonasining (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi) Sharq bo‘limi asosida tashkil etildi.
U 1950 yilgacha Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish instituti deb atab kelingan. Keyinchalik tadqiqotlar ko‘lami kengayib borishi va yangi ilmiy yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi natijasida uning nomi Sharqshunoslik instituti deb o‘zgartirildi. Unga 1957 yilda o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048) nomi berildi. Hozirgi paytda mazkur xazinada bir necha jamg‘armalar bor.
O‘rta asrlarda juda mashhur bo‘lgan geografik asarlardan Yoqut al-Hamaviyning (1179 – 1229) «Muʼjam al-buldon» (Mamlakatlar lug‘ati), Hamdulloh al-Qazviniyning (1281 – 1349) «Nuzhat al-qulub» (Qalblar lazzati), Abu Isʼhoq al-Istaxriyning (X asr) «Masolik va mamolik» (Yo‘llar va mamlakatlar) (inv. № 108), Zakariyo al-Qazviniyning (1203 – 1283) «Ajoyib al maxluqot» (Yaratilganlarning ajoyibotlari) kabi asarlarning nusxalari saqlanadi. Markaziy Osiyoda XVI asr astronomi va geografi Sulton Muhammad al-Balxiyning Shayboniy hukmdorlariga bag‘ishlab yozgan «Majmaʼi g‘aroib» (Nodir narsalar yig‘indisi) nomli risolasi juda mashhur bo‘lgan. Xazinada uning 37 ta forsiy va «Anjumani badoeʼ» deb nomlangan yagona o‘zbekcha XIX asr nusxasi mavjud.
Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to’plami” kitob-albomida (XXII jild) (2-qismda) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.