Hindiston va O‘zbekiston madaniyati azaldan bir-biriga juda yaqin. Xususan, o‘rta asrlarda O‘zbekiston hududi aholisining hind madaniyatiga ta’siri ancha salmoqli bo‘lgan.
Mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng, avvalgi islom ilmi va san’ati markazlari bo‘lgan Movarounnahr shaharlari kuyib kul bo‘lgach, u yerda yashab, ijod qilayotgan shoirlar, olimlar, rassomlar, ilohiyotshunoslar, me’morlar va xattotlar o‘zlarining qadrli qo‘lyozma to‘plamlarini olib, Sultonlik davrida Hindistonning poytaxti sanalgan Dor ul-Islom Dihli (Dehli) shahriga ko‘chib ketishadi.
Dehlida sulton G‘iyosiddin Balbon (1266—1287 yillar hukmronlik qilgan) davrida ushbu muhojirlar nomi bilan nomlangan, masalan, Mahallai Xorazmshohiy, Mahallai Samarqandiy, Mahallai Xitoyi, Mahallai Toshkandiy kabi ko‘plab yashash joylari bor edi.
Qur’on ilmi va hadislar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan ko‘plab olimlar Buxoro va Termizdan kelgan edilar. Samarqandlik me’morlar ravoqlarni bezashda sirlangan rangli koshinlardan foydalanish mahorati va tajribasi bilan e’tibor qozonishdi. Ibn Sino shogirdlari Yunoniy tibbiyot tizimini (tibbi yunoniy) Dehli va uning atrofida, shuningdek, Malva, Bengal, Gujarat va Dekanda tarqata boshladilar. Gilamdo‘z va shishapuflovchi ustalar binolarning ichki qismi bezaklariga nafislik va joziba bag‘ishladilar. Attorlar va chevarlar shahar aholisining turmush darajasini yuqori darajaga ko‘tarishda yordam berishdi. Fors adabiyoti movarounnahrlik shoir va adiblar ijodiy ishlari bilan boyitildi.
Mavzuga doir batafsil maʼlumotni “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston adabiy merosi Rampur Razo kutubxonasi toʻplamida” (XXXIII jild) kitob-albomidan bilib olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.