O‘rta Osiyo hukmdor tabaqa vakillarining portretlari XIX asr oxiri – XX asr boshi siyosiy tarixi va siyosiy-madaniy hayotida muhim hujjat hisoblanadi.
Bu hukmdorlar uchun juda murakkab davr edi. XVI asrda Xiva va Qo‘qon xonliklari, Buxoro amirligi kabi uch davlatga bo‘linib ketgan O‘rta Osiyodagi davlat chegaralari o‘zgarib – an’anaviy asoslar qulab borayotgandi. 1867 yilda Rossiya bosib olgan hududlarda Turkiston general-gubernatorligi tashkil topib, unga Qo‘qon xonligi yerlari ham qo‘shib olindi. Qo‘qon xonligiga tegishli Toshkent shahri Turkiston o‘lkasining poytaxtiga aylantirildi. 1868 yilda Buxoro amirligi tor-mor etildi. O‘z yerlarini qisman, jumladan Samarqandni ham boy bergan amir Rossiya shartlariga majburan rozi bo‘ldi. 1873 yilda rus qo‘shinlari Xiva xonligi poytaxti – Xiva shahriga kirib bordilar. Xiva mustaqilligi saqlansa-da, uning tashqi siyosati rus hukumati nazorati ostida qoldirildi. XIX asrning oxiri – XX asr boshiga oid tarixiy fotosuratlarda keyingi yarim asr davomida bu hududning tarixi va taqdirini hal qilganlarning yuzlari aks etgan. Rossiya bilan munosabatlar bundan keyin qay tarzda tashkillashtirilishi, tinchlik va tartib saqlanib qolishi ularga bog‘liq edi. Bu shaxslarning tarixiy ahamiyatini tushunib yetgan fotosuratchilar ularning yuzlarini portret shaklida muhrlashga harakat qildilar.
Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda» (XXXVII jild) kitob albomida tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.