O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi 1 ming yillikning so‘ngi asrlarida dastlabki kutubxonalar paydo bo‘lgan. Bular ilk kutubxonalar bo‘lib, kutub – arabcha «kitoblar», xona – forscha «uy», ya’ni kitob va hujjatlar saqlanadigan joy ma'nosini anglatdi.
Markaziy Osiyo hududida yirik sulolaviy kutubxonalar, masjid-madrasalar qoshida kutubxonalar bo‘lganligi haqida aniq tarixiy manbalar mavjud.
XI asrning oxiriga kelib O‘rta Osiyo hududida Somoniylar davlati yuzaga kelgan. Somoniylar davrida Movarounnaxr, Samarqand, Buxoroda fan va madaniyat rivojlana borgan. Bu davrda ushbu davlatda juda ko‘p mashhur qomusiy olimlar yashab ijod etgan.
Buxoroning mahobatli markazi, keng maydonning kunchiqar tarafida muhtasham ark turadi. Ark darvozasidan kirganda to‘g‘ridagi yo‘l bir ko‘hna binoga eltadi. Uning qalin devorlari boy xazinani qo‘riqlaydi. Bu bebaho boyliklar jam bo‘lgan xazina Buxoro kutubxonasi, bu kutubxona X asrdagi mashhur kutubxonalardan biridir.
Xorazm kutubxonalaridan yana biri bu Xivadagi Shaxobuddin kutubxonasidir. «Bunday kutubxona bundan oldin ham, keyin ham bo‘lmagan, chunki undagi qo‘lyozma asarlar fondi Marvdagi kutubxonadan qolishmas edi», deb aytgan edi Nasafiy.
Amir Temur (1336-1405) avval vatani Shahrisabzda, so‘ng mamlakat poytaxti Samarqandda saroy kutubxonasi tashkil qildi va buyuk sohibqiron davrida Samarqand shahridan kitob olib chiqish man etilgan, kitoblar tengsiz boylik sifatida qo‘riqlangan.
O‘rta Osiyoning barcha hududida shayboniylar davrigacha ham kutubxonalar mavjud bo‘lib, madaniyatning o‘sishidan kutubxonalar faoliyati yanada quloch yoyib borgan. Saroy kutubxonalari bilan bir qatorda madrasa, masjid va shaxsiy kutubxonalar qaror topa boshlagan.
Xulosa qilib aytganda, O‘rta Osiyo hududidagi xalqlar qadimdan kutubxonalardan ilm oluvchi ziyo maskani sifatida foydalanib kelganlar, hamda ularning orasidan jahonga mashhur olimu fuzalolar yetishib chiqqanlar.
