Rampur Raza — Hindistonning mashhur kutubxonalaridan biri. Ushbu kutubxona islom olamining badiiy meroslari va hind adabiyotining durdonalari, shuningdek, Osiyoning boshqa tillaridagi adabiyotlarni saqlashda alohida o‘rin tutadi.
Tarixchilar Hindiston navoblari saroylari faoliyatini turli xayr-saxovatli ishlari uchun juda qadrlashadi. Ayniqsa, Rampur navoblarini yozuvchi va rassomlarga homiylik qilgani alohida e’tiborga loyiq. Ularning adabiyotga bo‘lgan e’tibori Raza kutubxonasini Osiyodagi eng yirik kutubxonalardan biriga aylantirdi. Rasmlar, osori-atiqalar, tangalar va qadimiy buyumlarning keng to‘plamlari, bosma kitoblar hamda davriy nashrlardan tashqari, kutubxonaning alohida bo‘limida saqlanayotgan turli mavzudagi 17 mingdan ortiq qo‘lyozma mavjud.
Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, mintaqa xalqlarida moddiy va nomoddiy merosni saqlash va asrab-avaylash bo‘yicha yangi tushuncha paydo bo‘ldi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda o‘ta jiddiy yondashuvi bilan yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Ehtimol, bu jahon ilm-fani va san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab taniqli shaxslar aynan shu zaminda tug‘ilganligi bilan bog‘liqdir.
Mavzuga doir batafsil maʼlumotni “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston adabiy merosi Rampur Razo kutubxonasi toʻplamida” (XXXIII jild) kitob-albomidan bilib olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.