O‘z maʼnosiga ega bulgan qimmatbaxo toshlar

O‘zbekiston hududida zargarlik buyumlarining kelib chiqish tarixi ming yilliklarning qaʼriga borib taqaladi. XIX asrda ushbu hunarmandchilikning eng yirik markazlari Xiva, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Qo‘qon shaharlari bo‘lgan.

Har bir markaz o‘zining shakllariga va bezak naqshlariga ega bo‘lgan. Metallar orasida eng keng tarqalgani kumush, undan keyin bronza va mis bo‘lgan. Bezaklar egasining yoshi va ijtimoiy mavqeidan dalolat berib, bundan tashqari turli moʻjizakor xususiyatlarga ham ega bo‘lgan va tumor vazifasini ham o‘tagan.

Odamlarning sehr bilan bog‘liq tasavvurlarini ko‘proq kumush bilan bog‘lashgan. U yovuz ruhlarni haydab, zaharning damini kesadi deb hisoblashgan. Toshlarda ham sehrli kuch borligiga ishonilgan. Ularning fikricha serdolik baxt va salomatlik keltiradi, xavf-xatardan himoya qiladi. Umuman olganda uning keng qo‘llanilishi sharqona urf, musulmonlarning odatiy anʼanalaridir. «Kimki aqiq ko‘zli uzuk taqqan bo‘lsa, uni baraka va baxt tark etmaydi», – degan so‘zlar Muhammad payg‘ambar alayhissalomga tegishli. Serdolik (aqiq) – haqiq – “haqiqat” degan maʼnoni ham anglatadi. Kimki aqiq toshini olib yursa, yolg‘on gapira olmaydi va alday olmaydi. Feruza ham zargarlik buyumlarining eng sevimli toshlaridan biridir. Feruzadan yasalgan dumaloq shar shaklidagi qadamalar zargarlik buyumlarining ravshanligini taʼminlaydi, yashil-ko‘k rang esa ularga o‘zgacha nafislik beradi. O‘sha davrda, agar feruza rangiga uzoq vaqt tikilib qarasangiz ko‘rish qobiliyati yaxshilanadi va odamning kayfiyati ko‘tariladi, deb ishonishgan. Shoir Nizomiy o‘z asarlaridan birida quyidagicha taʼkidlagan: «Feruza – moviy rang maʼnosin berar – u bizning uylarga baxt keltirar». Ammo asosiysi feruza – piruz – g‘alaba maʼnosini beradi va jangda omad keltirishi aytiladi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” kitob-albomida (XXXIX jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.