Rossiya davlat etnografiya muzeyi to‘plamlarida asosan Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘onada ishlangan turli anʼanaviy zargarlik namunalarini ko‘rish mumkin.
Xorazmda yasalgan taqinchoqlar nisbatan kam ekanligiga qaramay, ularning har biri o‘ziga xos betakrordir. XX asr boshlarida bu yerda bunday taqinchoqlarni ishlab chiqarish deyarli to‘xtagan, biroq oilalarda saqlanayotgan eski ko‘rinishdagi taqinchoqlar kolleksiyachilarni hayratga solgan va ular tomonidan sotib olingan.
O‘zbek zargarlari bunday taqinchoqlarni yasashda turli texnik usullar – quyish, o‘yish, gravirovka (biror buyumga rasm yoki yozuv ni o‘yib tushirish), bosma naqsh, zar sim kabi usullardan foydalanishgan. Zargarlar uchun kumush asosiy xomashyo sanalgan. Xalq irimlariga ko‘ra, bu metall turli ins-jinslar, yomon ko‘zlardan asragan. Taqinchoqning faqat maʼlum qismlarini oltin bilan qoplashgan, oltin plastinani kumush asosga biriktirishgan.
Taqinchoqlarga ko‘z sifatida laʼl, yoqut, zumrad, sadaf, berill, aqiq, serdolik, marjon singari qimmatbaho toshlardan foydalanilgan. Qadimiy tasavvurlarga ko‘ra, ularning har biri rangi va sifati bilan turli ezgu niyatlarni ifodalagan: biri to‘kinlik va farovonlikni ifoda etsa, yana biri sog‘liq va muhabbat timsoli bo‘lgan. Yana bir tosh o‘zida serfarzandlik va baxtli oilani ifodalagan.
Taqinchoqlarda turli toshlar birikmasining bo‘lishi go‘yo ularning sirli-moʻjizali quvvatini yana-da oshirgan. Ko‘p hollarda taqinchoqlarda qimmat baho toshlar qatori oddiy rangli oyna parchalari ham qo‘llanilgan. Chunki ustalar taqinchoqning sifati va bezaklari qiymatigagina emas, balki anʼanaviylikni saqlab qolishga ham ahamiyat berganlar.
Batafsil "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, 2- jild, “Rossiya davlat etnografiya muzeyi to‘plami" kitob-albomida o‘qishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.