Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik muzey hisoblanadi. U 1918-yilda 500 ga yaqin asarlardan iborat shaxsiy toʻplam asosida tashkil etilgan.
Muzey oʻz ichiga arxeologiya san’ati, Oʻzbekiston tasviriy va xalq amaliy san’ati, Gʻarbiy Yevropa va Rossiya amaliy, tasviriy, haykaltaroshlik va mebel san’ati hamda xorijiy Sharq mamlakatlari san’ati namunalarini qamrab oladi. Hozirda noyob san’at durdonalarining soni 100 mingdan ziyodni tashkil etadi.
Arxeologiya boʻlimida mil.av. I va mil.I asrga taalluqli, Xolchayon saroyidan topilgan nodir haykallar mavjud.
Oʻzbekiston xalq amaliy san’ati boʻlimida moddiy-madaniy tarixni ifoda etuvchi kulolchilik, yogʻoch oʻymakorligi, ganchkorlik, har xil gazlamalar, badiiy kashtachilik, kandakorlik kabi turli xil amaliy san’at buyumlari saqlanadi.
Oʻzbekiston tasviriy san’ati boʻlimida milliy rangtasvir va haykaltaroshlik san’atining rivojlanishiga hissa qoʻshgan P. Benkov, N. Karaxan, Oʻ. Tansiqboyev, A. Abdullayev, R. Axmedov, Ch. Axmarov, B. Jalol, J. Umarbekov va boshqa yirik moʻyqalam sohiblarining ishlarini koʻrishimiz mumkin.
Gʻarbiy Yevropa va Rossiya san'ati boʻlimida D. Levitskiy, F. Rokotov, V. Borovikovskiy, V. Perov, N. Kramskoy, N. Ge, A. Kuindji, V. Surikov, I. Repin,
I. Ayvazovskiy, I. Shishkin, I. Levitan, A. Savrasov kabi buyuk rus rassomlarining asarlari namoyish etilgan. Rus avangardining yetakchilari: V. Kandinskiy, G. Stenberg, P.Konchalovskiy, I.Mashkov, A.Lentulov, R.Falk va boshqalar muzeyning faxri hisoblanadi, bundan tashqari, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Gollandiya, Flandriya, Fransiya va Angliya tasviriy va amaliy san'ati namoyish etilgan.
Xorijiy Sharq mamlakatlari san’ati boʻlimida Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Eron, Janubiy Koreya va Myanma (Birma) xalqlari tasviriy hamda amaliy san’at asarlari bilan tanishish mumkin. Ular bronza, fil suyagi, seladon va chinni buyumlar, yogʻoch oʻymakorligi buyumlari, shuningdek, milliy musiqa asboblari, tosh haykallar, gilamlar, rasmlar va boshqalar.
Muzeyda ma’ruzalar zali, kolleksiyalar haqidagi ma’lumotlarni beruvchi sensor kiosk ham mavjud. Muzey binosiga avtomobil va avtobuslar uchun qulay toʻxtash joyi belgilangan.
Muzeyda ma’ruzalar zali, kolleksiyalar haqidagi ma’lumotlarni beruvchi sensor kiosk ham mavjud. Muzey binosiga avtomobil va avtobuslar uchun qulay toʻxtash joyi belgilangan.