O‘zbekiston kashtachilik yetakchi markazlarining kashtalari bir-biridan qanday farq qilgan?

Muzey kolleksiyasida ushbu san’atning barcha yetakchi markazlari: Buxoro, Nurota, Samarqand, Toshkent, Jizzax, Shahrisabz, Farg‘ona, Surxondaryo markazlarining XIX – XX asrlardagi an’anaviy kashtalari mavjud.

Har bir markazning buyumlari birinchi navbatda o‘zining dekori bilan ajralib turgan. Shunday qilib Nurota so‘zanalari uchun o‘rtada yirik medalon va undan tarqalayotgan gul tuplari tushirilgan kompozisiyalar xos bo‘lib, ular chor shoxu – yak moh (to‘rtta shox va bitta oy) nomini olgan. Buxorocha naqshlar – bir necha qator bo‘lib joylashgan, bir maromda o‘zaro almashinib turgan to‘pbarggul yoki to‘rsimon tobodoni kompozisiyasi. Buxoro maktabi kashtasining hoshiyasini ko‘pincha o‘simlik naqshi islimi to‘ldirib turadi.

Umuman olganda, kashta buyumlarining naqshlarida ko‘pincha haqiqiy obrazga yaqinlashtirilgan o‘simlik gulli mavzular ustun turadi – yirik to‘pbarggul, tuplar, novdalar, anor va bodom mevalari tasviri. Ular so‘zananing markaziy doirasini to‘ldirib turadi, gullayotgan bog‘ obrazini yaratib, baxt, unumdorlik va avlod davomchiligi ramziy ishora bo‘lib xizmat qiladi.

Bu haqda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi to‘plami” (XIII jild) kitob-albomidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.