O‘zbekiston madaniy merosi Ozarboyjonda taqdim etildi

2024 yilning 23-26 yanvar kunlari Ozarbayjon Respublikasida “O‘zbekiston Respublikasi fan va madaniyat kunlari” o‘tkazildi.

Ushbu yirik tadbirda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamda Kinematografiya agentligi vakillari ham faol ishtirok etishdi. Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi, Kinematografiya agentligi direktori  Firdavs Abduxoliqov bilan suhbatimiz ana shu tashrif yakunlariga bag‘ishlandi.

- Firdavs Fridunovich, avvalo mazkur loyihaning ahamiyati va ushbu yo‘nalishda ozarbayjonlik olimlar bilan hamkorlik  xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

-So‘nggi yillarda O‘zbekistton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tashabbuslari bilan ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar qamrovi tobora kengayib bormoqda. O‘zbekistonlik fan va madaniyat sohasi vakillarining Ozarbayjonga navbatdagi safari ana shu hamkorlikning o‘ziga xos mahsuli bo‘ldi.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlari qatorida Ozarboyjondagi bir qancha muzey va kutubxonalar, ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib keladi. Butunjahon jamiyati tomonidan har yili muntazam o‘tkazib kelinayotgan kongress va anjumanlarda Ozarbayjon olimlari faol ishtirok etib kelishmoqda.

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi madaniy aloqalar uzoq tarixga ega. Yaqinda ikki mamlakat olimlari ishtirokida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan Ozarboyjonda saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalariga bag‘ishlangan yangi jild nashr qilindi. Mazkur kitob-albomda Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti, Ozarbayjon tarixi muzeyi, Tasviriy sanʼat muzeyi, Milliy gilam muzeyi singari muassasalarda saqlanayotgan, O‘zbekistonga oid bo‘lgan osori atiqalar haqida hikoya qilinadi.

 -Sizningcha ushbu safar nimasi bilan esda qolarli bo‘ldi?

 -“O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari” doirasida  Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan “O‘zbekiston-Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda har ikki mamlakatning qator olimlari va mutaxassislari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari taklif etildi. 

Tadbirda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev, Butunjahon jamiyati aʼzosi, sanʼatshunoslik fanlari doktori Elmira Gyul, Ozarboyjon Milliy gilam muzeyi direktori Shirin Malikova,  Qo‘lyozmalar instituti yetakchi ilmiy xodimi Azizog‘a Najafov va boshqalar mazkur kitob-albomning mazmun-mohiyati,  Ozarboyjon to‘plamlaridagi O‘zbekiston madaniy merosi durdonalarining o‘ziga xosligi xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ikki mamlakat o‘rtasidashgi do‘stlna  aloqalarni chuqurlashtirishda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining tutgan o‘rni haqida gapirib o‘tdi.

Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutiga “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning 50 jildi tuhfa qilindi. Institut direktori, jamiyatimiz aʼzosi Teymur Karimli ushbu institutda o‘zbekistonlik olimlar kelib, tegishli qo‘lyozmalarni o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.

-Qo‘lyozmalar institutida O‘zbekistonga oid ko‘plab nodir kitoblar saqlanar ekan, to‘g‘rimi?

-Ha, ushbu institutda O‘zbekiston zamini bilan bog‘liq qo‘lyozmalar ko‘p.  Jumladan, Imom al-Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga mansub o‘nlab qo‘lyozmalarni sanab o‘tish mumkin. Turkiy dunyoning bu buyuk siymolari Ozarboyjon xalqi uchun ham nihoyatda qadrli.

Tadbir ishtirokchilari Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi bilan ham tanishishdi. Mazkur ko‘rgazmada Ibn Sinoning 1258 yilda ko‘chirilgan, ayni paytda YUNESKO maxsus ro‘yxatiga kiritilgan  “Tib qonunlari” asari, Alisher Navoiy hayotligida kitobat qilingan “G‘aroyib us-sig‘ar” devoni, “Boburnoma”ning XVII asrga mansub nusxasi va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalar o‘rin olgan.

Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasidagi uchrashuv chog‘ida Butunjahon jamiyati tomonidan nashr qilingan “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlari, shuningdek tarixiy shaxslar aks etgan Sharq miniatyuralarining faksimil nusxalari ham taqdim etildi.


-Boku shaxridagi Xaydar Aliyev markazida hai kitob-albomlar taqdimoti o‘tkazildi. Shu haqda ham ikki og‘iz...

-Darxaqiqat, Ozarbayjon xalqining umummilliy lideri Haydar Aliyev nomi bilan ataladigan bu markaz davlat ahamiyatiga molik, o‘ta muhim inshootlardan biri  sanaladi. Bu yerda  odatda mamlakat va Xalqaro miqyosdagi eng yirik tadbirlar o‘tkaziladi. Dastavval ushbu muhtasham markaz zalini tomoshabinlar bilan to‘ldirish qiyin kechmasmikin, degan xavotir ham yo‘q emasdi. Ammo, markazning katta tomosha zali tlmoshabinga to‘lib ketdi. Bu yerda "O‘zbekiston madaniy merosi" turkumidagi kitob-albomlar zalida "Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar" ko‘rgazmasi tashkil etildi. "O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida" kitob-albomi ishtirokchilari va mualliflari tanishtirilib, ularga tashakkurnomalar topshirildi. 

Ozarboyjonlik akademik Iso Habibbeylining aytilishicha, bu yerda har bir tadbir aytilgan vaqtda  boshlanar ekan. Ammo, bu gal konsert dasturi ancha kech boshlandi. Sababi odamlar ko‘rgazmalarimizda uzoq vaqt qolib ketishdi. Bunday holat Haydar Aliyev markazida ilgari kuzatilmagan ekan. O‘zbekiston va Ozarbayjon sanʼatkorlari ishtirokidagi konsert dasturi ham kutilganidan aʼlo darajada o‘tdi. Tadbir oxirigacha tomoshabinlar zalni tark etishmadi.

-Miniatyuralar orasida buyuk Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy asarlariga ishlangan suratlar ko‘proq ekan.

-2022 yilda Butunjahon jamiyati olimlarni xamkorligida ‘Moniyni xijolatda qoldirgan Kamoliddin Behzod" kitob-albomini chop etdik. Buyuk musavvir Bexzod miniatyuralarining salmoqli qismi bevosita Nizomiy Ganjaviy asalariga ishlangan. Chunki, temuriylar Nizomiy ijodini nixoyatda qadrlashgan. Hazrat Navoiy Nizomiyni o‘ziga ustoz deb bilgan va uning “Xamsa” asariga javoban turkiy tilda besh dostonni yaratgan. Navoiyning 1492 yilda ko‘chirilgan “Xamsa” qo‘lyozmasi ayni paytda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Unda Navoiy ustozi Nizomiy va boshqa shoirlar bilan bog‘da suhbatlashayotgagi aks etgan miniatyura bor. Ushbu miniatyura ham Behzodning shoh asarlaridan xisoblanadi.

Yana bir qiziq misol. Mirzo Ulug‘bek xam Nizomiy asarlarini sevib mutolaa qilgan. Ulug‘bek topshirig‘iga ko‘ra, 1442 yilda  ko‘chirilgan “Xamsa” qo‘lyozmasining bir varag‘i AQSHdagi Frir sanʼat galereyasida saqlanadi. Unda Mirzo Ulug‘bek  farzandlari davrasida o‘tirgani tasvirlangan.

Qizig‘i shundaki, Ulug‘bekning o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘g‘li  Abdullatif ham bu asarni  qo‘ldan qo‘ymagan. “Ravzatus-safo” asarida yozilishicha, otasidan so‘ng taxtga o‘tirgan Abdullatif “Xamsa”ni varaqlayotib Nizomiyning "padarkush podsho bo‘lolmaydi, bo‘lsa ham olti  oydan ortiq taxtga o‘tirolmaydi" degan satrlarni o‘qib dahshatga tushadi. Chindan ham olti oy ichida Ulug‘bek tarafdorlari Abdullatifni o‘ldirishadi. Bu ham Nizomiyning qanchalik Haqqa yaqin, avliyo inson bo‘lganini ko‘rsatadi.

- Endi bevosita o‘zbek va ozarbayjon kinosi  o‘rtasidagi mushtarak jihatlar haqida suhbatlashsak.
 

-O‘zbek va ozarboyjon kinoijodkorlari hamkorligi har ikki xalq milliy kinematografiyasining ilk yillaridan boshlangan desak xato bo‘lmaydi. Ozarboyjon kinoustalari tomonidan yaratilgan o‘tgan asrda yaratilgan “Arshin mol-olon”, “Qaynona”, “Ahmad qayerda” singari o‘lmas filmlarni o‘zbek tomoshabinlari bugun ham ayricha zavq-shavq ila tomosha qilishadi. “Tohir va Zuhra”, Toshkent – non shahri”, “Sen yetim emassan”, “To‘ylar muborak” kabi o‘zbek kinoasarlari qardosh tomoshabinlar uchun ham qadrdon bo‘lib qolgan. O‘zbek kinoustalari tomonidan suratga olingan filmlarda Tariel Gasimov, Rasim Balayev singari Ozarboyjon sanʼat ustalari, ozarbayjon filmlarida O‘lmas Alixo‘jayev, Svetlana Norboyeva, Tamara Shakirova singari aktyor va aktrisalarimiz ishtirok etishgan.

-So‘nggi yillarda kinematografiya sohasidagi hamkorlik bo‘yicha nima ishlar qilindi?
 

-O‘zbek va ozarbayjon madaniy aloqalarida ikki xalq kinoijodkorlari hamkorligi alohida o‘rin egallaydi. Keyingi yillarda ham ozarbayjonlik hamkablarimiz bilan ijodiy aloqalarimiz davom etmoqda. Ozarbayjon kino ustalari 2021 yilda qayta tiklangan Toshkennt xalqaro kinofestivalida muntazam ravishda  faol ishtirok etib kelishmoqda. Biz ham o‘tgan yilning oktyabr oyida Ozarbayjonning Shusha shahrida o‘tkazilgan “Qo‘rqut ota” turk dunyosi III kinofestivalida muvaffaqiyatli qatnashib uchta mukofotni qo‘lga kiritdik.  Rejissyor Muzaffar Erkinov suratga olgan “Abdulla Oripov” filmi “eng yaxshi ssenariy” yo‘nalishida, Shuhrat Mahmudovning “Matonat” filmi “eng yaxshi hujjatli filmi” yo‘nalishida g‘olib topildi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga kinofestivalning maxsus mukofoti topshirildi. Shuningdek, har ikki mamlakatda kino kunlarini o‘tkazish yaxshi anʼanaga aylangan. Bugungi tashrifimizda ozarbayjonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib bordik.
 

-Navbatdagi tashrif chog‘ida qanday kelishuvlarga erishildi?
 

25 yanvar kuni Boku shahridagi Haydar Aliyev markazida o‘tkazilgan tantanaldi kechada O‘zbekiston kinematografiya agentligi tomonidan rejissyor Eldar Mamedov suratga olgan “Abadiy do‘stlik va qardoshlik” filmi namoyish qilindi.

Shuningdek,  Ozarboyjon kinematografiya agentligi rahbari Orxan Fikrato‘g‘li bilan  buyuk adib, dramaturg va olim Maqsud Shayxzoda hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan badiiy filmini hamkorlikda suratga olish bo‘yicha memorandum imzoladik. Taʼkidlash joizki, Maqsud Shayzoda, o‘zbek adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning betakror sheʼrrlari, dramalari, ilmiy asarlari xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylangan. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusibilan bunyod etilgan “Adiblar xiyoboni”da adibning haykali o‘rnatildi. Kinematografiya agentligining  hujjatli va xronikal filmlar studiyasida Maqsud Shayxzodaga bag‘ishlangan hujjat film yaratildi.

Biz Ozarboyjon kino ustalari bilan bir qator loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilyapmiz. Bugungi memonardum asosida suratga olinadigan “Maqsud Shayxzoda”  badiiy filmi uzoq yillik tarixga ega bo‘lgan ijodiy hamkorligimizning o‘ziga xos mahsuli bo‘lishiga ishonamiz.

Shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommlashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda Ozarbayjonda saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalari haqida hujjatli film suratga olinmoqda. Ijodiy guruh Boku shahridagi qator maʼrifiy maskanlarda, jumladan Ozarbayjon Fandar akademiyasining  Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutida, Ozarbayjon Milliy tarix muzeyida, Tasviriy sanʼat, Milliy gilam muzeylarida suratga olish ishlarini yakunlab qaytishdi. 

Umuman,  qardosh yurtga uch kunlik safarimiz har taraflama  esda qolarli, qiziqarli, foydali bo‘ldi. Shu uch kun ichida nafaqat Ozarbayjon, balki o‘zimizning hamyurtlarimiz,  ustozlarimiz. yozuvchi va shoirlarimiz, sanʼatkorlarimiz bilan yana-da yaqinlashdik,  fikrlashdik. Bu safarimiz uchun mamlakatimiz rahbariyatiga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, delegatsiya rahbari Akmal Saidovga, bizga hamrohlik qilgan  hurmatli senator va detutatlarimizga, "Ozarbayjonda O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari" tashkilotchilariga, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi xodimlariga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

-Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Rustam JABBOROV 

suhbatlashdi.