Milliy kutubxonaning xalqaro faoliyati kutubxona va xorijiy mamlakatlar milliy kutubxonalari, yetakchi axborot, ma’rifiy va ilmiy tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik va aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha shart-sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan.
Xususan, xalqaro hujjat almashinuvi, xalqaro kutubxonalararo abonement doirasida xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Kutubxona Xitoy, Eron, Koreya, Ozarbayjon, Latviya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Chexiya milliy kutubxonalari, Yaponiyaning Aichi san’at universiteti, Markaziy Osiyo bo‘yicha KAXF/RAS Hududiy markazi, O‘zbekistondagi Gyote instituti, Korneli Kekelidze nomidagi Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazi, Turkmaniston Davlat madaniyat markazining Davlat kutubxonasi, M.F. Axundov nomidagi Ozarbayjon milliy kutubxonasi, AQSHning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim va memorandumlar imzolagan.
O‘zaro hamkorlikdagi «Koreyaga nigoh», «Shanxayga nigoh», «Amerikaga nigoh» loyihalari muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda, «Qozog‘iston adabiyoti va madaniyati markazi» hamda SHHT Xalq diplomatiyasi markazining «SHHT bilimlari zali» faoliyat olib bormoqda. Kutubxona xalqaro tashkilotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasidagi YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi bilan faol hamkorlik olib bormoqda, tashkilot ko‘magida «Axborot barcha uchun» dasturi, «Jahon xotirasi» dasturi, «O‘quvchining axborot madaniyati asoslari» loyihasi singari bir qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasining qo'lyozma va kitob merosi” kitob-albomida (XLI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.