O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida yog‘och o‘ymakorligi namunalari

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga tashrif buyuruvchilar binoga yaqin kelgan vaqtda o‘zbek o‘ymakor ustalarining mahoratiga baho berishlari mumkin.

Muzey binosining shimoliy tashqi tomonidagi uchta mahobatli eman yog‘ochli kirish eshigi xalq amaliy sanʼati anʼanalariga ko‘ra ishlangan. Uning muallifi qo‘qonlik mashhur usta Qodirjon Haydarov. To‘g‘riburchakli eshik tavaqalari yuzasi o‘yma naqsh bilan hashamatli bezalgan va lok bilan qoplangan.

Naqshinkor kompozitsiya Xiva andazasi bo‘yicha bajarilgan, markazda yirik medalyon va burchaklari bo‘ylab choraklari o‘ziga xos ajralib turuvchi farqlari hisoblanadi. Medalyon kungurador burchaklar bilan jihozlangan, yuqori va pastga qarab o‘tkirlangan, ichkari qismi esa ikki qavatli islimiy o‘yma naqsh bilan qoplangan.

Muzey to‘plamlarida yog‘och o‘ymakorligi buyumlari meʼmoriy qismlar (ustunlar, ustun asoslari, eshik tavaqalari va boshqalar) hamda maishiy buyumlar sifatida taqdim etilgan. Usta Sulaymon Xo‘jayevning o‘yma milliy kichkina stolchalari pargari uslubida bajarilgan. Uning shogirdi Maqsud Qosimov ishlariga islimiy naqshlar xosdir. U birinchi bo‘lib o‘yma naqshga joylashtirilgan alohida qismlarni panjara bilan birlashtirilgan yangi badiiy uslubni qo‘llagan. Iqtidorli usta naqqosh Ortiq Fayzullayev yasagan panjaralar, taniqli usta Haydar Najmiddinov yasagan qutichalar va boshqa amaliy sanʼat ustalarining ishlari so‘zsiz hayratomuz va chindan ham yog‘ochga ikkinchi umr baxsh etgan. To‘plamda 417 ta buyum mavjud.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.