Oʼzbekiston va Malayziya hamkorlikda filmlar suratga olish va kitoblar nashr etishni rejalashtirmoqda...

 

Oʼzbekiston va Malayziya madaniyat sohasidagi hamkorlik haqida kelishib oldi.

Oʼzbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Oʼzbekiston madaniy merosini oʼrganish, saqlash va ommalashtirish boʼyicha Butunjahon jamiyati vakillari hamda Malayziya Islom sanʼati muzeyi vakillari ishtirokida ZOOM-uchrashuv tashkil etildi.

Konferentsiyada Oʼzbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, elchixonaning ikkinchi kotibi Elbek Saidov, Malayziya Islom sanʼati muzeyi bosh kuratori doktor Xeba Nayel Barakat, bosh kurator oʼrinbosari Nurul Iman Rusli, Yozuvlar va toʼplamlar boʼlimi rahbari Rekxa Verma xonim, Oʼzbekiston madaniy merosini oʼrganish, saqlash va ommalashtirish boʼyicha Butunjahon jamiyati boshqaruv raisi Firdavs Аbduxoliqov, “Oʼzbekiston madaniy merosi jahon toʼplamlarida” loyihasining ilmiy maslahatchisi doktor Elmira Gyul va loyiha koordinatori Yekaterina Soboleva ishtirok etishdi.

Oʼzbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov tabrik soʼzi bilan chiqish qildi. Tabrik soʼzida ikki davlat oʼrtasidagi madaniy-gumanitar munosabatlarning doʼstona xarakterga ega ekanligini, shuningdek, ikki davlat ilmiy va madaniy muassasalari oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini taʼkidlandi.

Butunjahon jamiyati vakillari malayziyalik hamkasblariga “Oʼzbekiston madaniy merosi jahon toʼplamlarida” loyihasi Yangi Oʼzbekistonning tashabbusi ekanligi va Oʼzbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash, oʼrganish va ommalashtirishga oid vazifalar davlat siyosati darajasiga koʼtarilgani haqida maʼlumot berishdi.

Imom al-Buxoriy jamgʼarmasi va Malayziya Islom sanʼati muzeyi vakillari Malayziya Islom sanʼati muzeyida Oʼzbekiston madaniy merosiga bagʼishlangan kitob-albom nashr etish tashabbusi bilan chiqdi. Shuningdek, Malayziya ilmiy vakillari Butunjahon jamiyatining atoqli muhaddis Imom al-Buxoriy haqida ikkita film – hujjatli va badiiy film suratga olish taklifini qoʼllab-quvvatladi. Kinolentalar Oʼzbekiston va Malayziya kinoijodkorlari tomonidan suratga olinadi. Bundan tashqari, Malayziya Islom sanʼati muzeyi “114 ta Qurʼon” faksimil loyihasida ishtirok etadi, unda noyob muqaddas qoʼlyozmalar namoyish etiladi.

Mutaxassislar tomonidan muzeyda saqlanayotgan Oʼzbekiston toʼplamlarining batafsil katalogini tuzish, shuningdek, Islom sanʼati muzeyida saqlanayotgan qadimiy buyumlar hamda moddiy va badiiy madaniyat obʼektlari haqida maxsus albom nashr etiladi.

– Muzeyimiz ekspozitsiyalari va fondlarida saqlanayotgan barcha madaniy meroslar obʼektlarini jamlagan bunday katalogning tuzilishi biz uchun ulkan yutuq hisoblanadi. Biz hech qachon turli mamlakatlarga bagʼishlangan oʼz toʼplamlarimizni toʼliq kataloglash boʼyicha ishlarni amalga oshirmaganmiz, bajarilgan ishlar biz uchun katta tajriba boʼladi. Ishonchim komilki, toʼplamlarimizni oʼrganish Oʼzbekiston zaminining betakror merosining yana koʼplab durdonalarini ochib beradi, – dedi doktor Xeba Nael Barakat.

Loyihalar joriy yilning ikkinchi yarmida, Oʼzbekiston va Malayziya oʼrtasida diplomatik aloqalar oʼrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Oʼzbekiston elchisi Ravshan Usmonov 1-apreldan Malayziya chet el fuqarolari uchun chegaralarni toʼliq ochayotganligini inobatga olgan holda, keyingi uchrashuvlar «face to face» formatida boʼlib oʼtishiga umid bildirdi .